Turkiya rahbari orani ochiq qilish uchun Putin bilan uchrashmoqchi

  • Amerika Ovozi

Rossiya-Turkiya munosabatlari tobora tarang. Anqara o'z fuqarolariga Rossiyaga safar qilmaslikni tavsiya etmoqda. Moskva vizasiz tartibni bekor qildi va iqtisodiy sanksiyalar ham qo'yishi mumkin.

Turkiya-Suriya chegarasida Rossiyaning harbiy samolyoti urib tushirilgani katta janjalga sabab bo'lyapti. Samolyot, deydi turk rasmiylari, ruxsatsiz Turkiya hududiga uchib kirgan.

Prezident Rajab Toyib Erdog'an voqea yuzasidan afsus bildirgan bo'lsa-da, uzr so'ramoqchi emas va uning davlati o'z sarhadlarini himoya qilishga haqli ekanini ta'kidlaydi.

Rossiya, deydi u, "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi kurash bahonasida Suriyadagi muxolifatchi guruhlarni bombardimon qilayapti.

Moskva, o'z navbatida, Turkiyani terroristlar bilan til biriktirganlikda, hatto "Islomiy davlat"dan neft va gaz sotib olayotganlikda ayblagan.

"Biz terrorchilar bilan oldi-sotdi qilmaymiz. Neftni Rossiyaning o'zidan xarid qilayapmiz", - deydi Prezident Erdog'an.

Turkiya rahbari Prezident Vladimir Putin bilan Parijdagi xalqaro konferensiyada uchrashib, orani ochiq qilishni istaydi. Kremlning talabi shuki, Anqara avvalo uzr so'rashi kerak.

Otishma

Turkiyaning Diyorbakir shahrida taniqli kurd advokati va huquq himoyachisi Tohir Elchi otib o'ldirilgan.

U hukumat va Kurdiston ishchilar partiyasi qonli to'qnashuvlarni bas qilishi lozim, deya bir yig'ilishda so'zlayotgan payt otishma boshlangan. Tohir Elchi jarohatlaridan kasalxonada vafot etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG