Turkiya Rossiyani havoda chegarani buzmaslikka chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Suriyada jangarilarni nishonga olayotgan Rossiya samolyoti

Suriyada jangarilarni nishonga olayotgan Rossiya samolyoti

Turkiya Rossiyani havo chegarasini buzganlikda ayblab, norozilik bildirdi. Mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdog'anning aytishicha, bu ikki davlat munosabatlariga zarar keltirishi mumkin.

"Bizga yoqmagan ishlar bo'lyapti. Turkiya bularni qabul qila olmaydi", - dedi u Bryusseldagi matbuot anjumanida.

Kecha Rossiyaning Turkiyadagi elchisi ikkinchi bor Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, bu davlatning harbiy samolyoti yana chegarani buzgani uchun tanbeh olgan.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg samolyotlar, Rossiya da'vo qilganidek, Turkiyaga adashib kirib qolganiga ishonmasligini aytadi.

"Bu holat sabablari xususida mulohaza yuritmayman, ammo Turkiya chegarasi buzilganini ta'kidlab o'tmoqchiman. Bu hol qaytarilmasligi kerak va NATO bu masalada Turkiya bilan birdam", - dedi Stoltenberg.

Turkiyaga ko'ra, Rossiya samolyotlari shanba va yakshanba kunlari havo chegarasini buzgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi buni ob-havoning yomonligi bilan izohladi.

Rossiya harbiy-havo kuchlari o'tgan haftadan beri Suriyada "Islomiy davlat" manzillarini nishonga olib kelmoqda.

Kecha rossiyalik deputatlardan birining aytishicha, yaqin kunlarda Suriya armiyasiga rus ko'ngillilari qo'shilishi mumkin. Ba'zi xabarlarga qaraganda esa ular ayni damda suriyalik askarlar bilan yelkama-yelka jang qilmoqda.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter buni tasdiqlamagan, biroq shunday bo'lish ehtimolini tanqid qildi. Unga ko'ra, Rossiya katta xatoga yo'l qo'ygan bo'ladi.

Qo'shma Shtatlar Rossiyani Suriyada "Islomiy davlat" bilan bir qatorda Bashar Assad rejimiga qarshi kurashayotgan isyonchilarni ham bombardimon qilayotganlikda ayblamoqda. Suriyadagi isyonchi guruhlar rus kuchlariga hujum qilishini bildirdi.

Bu orada Yaqin Sharq, Afrika va Janubiy Osiyodan Yevropaga qochqinlar oqimi to'xtagani yo'q. Ikki milliondan ziyod suriyalikka boshpana bergan Turkiya Yevropa Ittifoqidan yordam olishga umid qilmoqda. Dushanba kuni Yevropa Komissiyasi Prezidenti Jan-Klod Yunker va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an shu mavzuda gaplashgan.

Turkiya yana oltita qochqinlarni qabul qilish markazini ochmoqchi. Xarajatlarning bir qismini Yevropa Ittifoqi qoplaydigan bo'ldi. Tomonlar migrantlar va qochqinlarning yashash sharoitini yaxshilashda, dengizda o'lim hollarining oldini olishda, Turkiyaga endi borganlarning Yevropaga chiqishiga to'siq qo'yishda ham hamkorlik qilishga kelishib oldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG