Erdog'an urib tushirilgan Rossiya samolyoti uchun uzr so'ramoqchi emas

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

Seshanba kuni Rossiyaga qarashli harbiy samolyot Turkiya tomonidan urib tushirilganidan beri ikki davlat munosabatlari tarang. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Anqara "Islomiy davlat"dan neft yoki gaz sotib olmayapti, deb Rossiya da'volarini inkor etdi.

"Biz jihodchilarga qarshi kurashyapmiz. Ulardan neft sotib olayotgan bo'lsak, dalil keltirishsin", - dedi u.

Aksincha, deydi Erdog'an, Turkiya kontrabanda neftini chegaradan o'tkazmaslikka harakat qilmoqda.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin samolyot ataylab urib tushirilgan, deya Turkiyani "Islomiy davlat" bilan hamkorlikda aybladi.

Rossiya hukumati Turkiyadan oziq-ovqat importini cheklashga kirishdi, fuqarolarga dam olish uchun Turkiyaga sayohat qilmaslik tavsiya etildi, Rossiyadagi ayrim turoperatorlar Turkiyaga putyovka sotishni to'xtatib qo'ydi.

Turkiyadan mol olib kelayotgan yuk mashinalari Rossiya chegarasidan o'tkazilmayapti. Bosh vazir Dmitriy Medvedev Turkiya bilan iqtisodiy aloqalarni, qo'shma loyihalarni to'xtatishga chaqirdi.

Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Turkiyaga oldin rejalangan safari qoldirildi, Sankt-Peterburgda esa yirik qo'shma tadbir bekor qilindi.

Putin Turkiyadan voqea uchun uzr so'rashni talab qilmoqda, ammo Erdog'an bundan bosh tortdi.

"Chegaramizni buzgan tomon uzr so'rasin", - dedi u.

Erdog'anning aytishicha, samolyot Turkiya chegarasini buzgani uchun urib tushirilgan, bundan oldin esa samolyot 10 marotaba ogohlantirilgan.

"Chegaraning takror buzilishi ayni oqibatlarga olib keladi", - dedi Erdog'an.

Rossiya Mudofaa vazirligi nazarida samolyot Suriya uzra hujumga uchragan. Su-24 bombardimonchining ikki uchuvchisi parashyut bilan sakrab, jon saqlashga uringan, ammo biri suriyalik isyonchilar tomonidan yerga tushmasdan otib o'ldirilgan. Kecha halok bo'lgan pilotga Rossiya Qahramoni unvoni berildi.

Ikkinchi uchuvchini esa bir necha soatlik qidiruvdan so'ng Suriya maxsus kuchlari va Rossiya harbiylari topib, bazaga qaytarishga muvaffaq bo'ldi. Uning matbuotga bildirishicha, Turkiya qiruvchi samolyotlari ogohlantirishsiz o'q uzgan.

Anqara sodir bo'lgan voqea ikki davlat aloqalariga putur yetkazmasligiga umid qilmoqda.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning ma'lum qilishicha, Suriyada samolyotlar xavfsizligini ta'minlash uchun Latakiya viloyatidagi Rossiya harbiy bazasiga S-400 havo mudofaasi tizimi yetkazilgan. Bu eng zamonaviy raketa tizimi. Rossiya tomoniga ko'ra, xavf sifatida ko'rilgan barcha uchuvchi obyektlar bundan keyin urib tushiriladi. Shu maqsadda hududga "Moskva" kreyseri ham safarbar etilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG