Lavrov va Chavusho'g'li uchrashuvi samarasiz yakunlandi

  • Amerika Ovozi

Lavrov va Chavusho'g'li

Lavrov va Chavusho'g'li

Bugun Belgradda Rossiya va Turkiya tashqi ishlar vazirlari muloqot qildi. O'tgan hafta Turkiya Rossiyaga qarashli harbiy samolyotni urib tushirganidan beri yuqori darajadagi aloqalar to'xtab qolgan edi.

Sergey Lavrov uchrashuv mazmunsiz o'tganini aytdi.

"Turk vaziri bilan uning iltimosiga ko'ra ko'rishdim. Yangi gap eshitmadik. Chavusho'g'li Turkiya prezidenti va bosh vazirining yondashuvlarini tasdiqladi, xolos. Biz o'z pozitsiyamizni bildirdik", - dedi Lavrov.

Rossiya samolyotining urib tushirilgani uchun Turkiyadan uzr so'rashni talab qilmoqda. Anqara samolyot Turkiya chegarasini buzgan deya, uzr so'rashdan bosh tortmoqda. Bunga javoban Kreml iqtisodiy sanksiyalarni ishga soldi.

Mevlut Chavusho'g'li uchrashuv chog'ida rus pilotining halok bo'lgani uchun ta'ziya bildirdi. Unga ko'ra, Lavrov bilan muloqot nizoga barham bermadi.

"Fikrlarning xilma-xil bo'lishi yomon emas. Ochiqchasiga gaplashib oldik. Ta'ziyamizni bildirdik. Hech bir tomon taranglikning kuchayishini istamaydi. Aql bilan ish qilib, bir to'xtamga kelamiz degan umiddaman", - dedi u.

Bugun Rossiya Federal kengashiga qilgan yillik murojaatida Prezident Vladimir Putin Turkiyani Suriyada terrorchilarga qarshi kurash o'rniga "Islomiy davlat" jangari guruhidan neft sotib olayotganlikda aybladi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an va Qo'shma Shtatlar Rossiyaning bu da'volarni inkor etmoqda.

"Mintaqada neft haqiqatan noqonuniy yo'l bilan sotilmoqda. Bu ko'p yillardan beri davom etayotgan hol. Ammo Turkiya hukumatining bunga aloqasi yo'q", - dedi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Mark Toner.

Oq uyga ko'ra, aslida "Islomiy davlat"dan arzon neftni Suriya Prezidenti Bashar Assad sotib olmoqda.

Erdog'an yaqinda buni isbotlovchi dalil keltirishini bildirdi.

AQSh Turkiyadan Suriya bilan cheragani yopishni so'ragan, biroq Turkiya Bosh vaziri Ahmat Dovuto'g'li buning iloji yo'qligini aytdi.

Unga ko'ra, qochqinlar Suriyadan Turkiyaga kelishda davom etmoqda. Chegara yopilsa, ularga qiyin bo'ladi, deydi bosh vazir.

"Bundan tashqari, chegara yopilsa, uning nazorati uchun 30 ming askar ajratishimiz va har uch metr oraliqda bittadan qorovul minorasini o'rnatishimiz kerak. Bunga pulimiz yo'q", - dedi Ahmato'g'li.

Bu o'rtada Britaniya harbiy-havo kuchlari Suriyada jangovar amaliyotlarni boshladi.

Britaniya parlamenti kecha 10 soatlik munozaralardan so'ng Bosh vazir Deyvid Kameronning Suriyada harbiy harakatlarni boshlash iltimosini qondirdi.

Britaniyaning Kiprdagi harbiy-havo bazasidan "Tornado" rusumidagi samolyotlar Suriyadagi nishonlarni urib, bazaga qaytgan.

Mudofaa vazirligi ma'lumotiga ko'ra, "Islomiy davlat" nazoratidagi neft konlari bombardimon qilingan. Kiprda Britaniyaning sakkizta samolyoti bor edi, ularning soni 16 taga yetkaziladi.

AQSh Prezidenti Barak Obama buni olqishlab, dunyoga tahdid solayotgan "Islomiy davlat"ni hamkorlikda yengish mumkin, dedi.

Britaniya bir yildan beri jangarilarni Iroqda bombardimon qilib keladi.

Juma kuni Germaniya qonunchilari Suriyaga 1200 askar yuborish taklifini qabul qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG