Breaking News

Turkiya-Rossiya aloqalari qayta tiklanmoqda


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapda) Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an bilan, Turkiya, 16-noyabr, 2015-yil.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapda) Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an bilan, Turkiya, 16-noyabr, 2015-yil.

Turkiya prezidenti Rossiya rahbariga maktub yo'llab, Rossiya harbiy samolyotining urib tushirilganidan afsus bildirdi. Tomonlar hodisani unutib, yana aloqalarni qayta tiklashi kutilyapti. Ammo o'zaro ishonchsizlik hanuz mavjud, deydi kuzatuvchilar.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Vladimir Putinga xat yo'llab, Rossiya samolyotining urib tushirilishi oqibatidahalok bo'lgan uchuvchining yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Ayni paytda Anqara parashyutda yerga tushgan pilotni otib o'ldirganlikda ayblangan turkka qarshi tekshiruv boshlagan.

Shu paytgacha Erdog'an Turkiya havo hududiga kirgan samolyotning urib tushirilishini to'g'ri qaror bo'lgan deb kelayotgan edi.

Siyosiy tahlilchi Semih Idizning aytishicha, Turkiya Rossiya qo'ygan iqtisodiy va siyosiy sanksiyalarga javoban shunday yo'l tutmoqda.

"Buning to'liq kechirim so'rash ekanini bilmayman, lekin xatda uzr so'rash alomatlari bor. Bu taslim bo'ldim, degandek gap. Shu ish oqibatida Turkiya ko'plab siyosiy va iqtisodiy zararlarni boshdan kechirdi", - deydi u.

Sanksiyalar doirasida Turkiyadan keladigan oziq-ovqat mahsulotlariga va rossiyalik sayyohlarning Turkiyaga borishiga taqiq qo'yilgan edi.

Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirimning aytishicha, shu hafta Erdog'an Putin bilan telefon orqali gaplashadi. Ushbu muloqot o'tgan yili Rossiya samolyoti urib tushirilgandan beri tomonlar to'g'ridan-to'g'ri o'tkazayotgan birinchi suhbat bo'ladi.

Anqara Moskvani kurd isyonchilarini raketalar bilan ta'minlaganlikda ham ayblaydi. Kreml bu da'volarni inkor qiladi.

Moskva Anqaradan kechirim so'rashni va halok bo'lgan uchuvchi oilasi uchun kompensatsiya to'lashni talab qiladi.

Moskva so'nggi o'zgarishlarni ijobiy qabul qilgandek. U Turkiya tashqi ishlar vazirini juma kuni bo'lib o'tadigan mintaqaviy konferensiyaga taklif qildi.

Ammo tahlilchi Attila Yeshilada Kremlda hanuz Erdog'anga nisbatan ishonchsizlik kuchli ekanini aytadi.

"Putin Erdog'anning sunniy musulmonlar yetakchisiga aylanishidan xavotirda. Rossiyada ham ozchilk sunniy musulmonlar bor. Putin Erdog'anni ona Rossiya birdamligi uchun tahdid sifatida ko'rishi mumkin", - deydi u.

Anqara-Moskva munosabatlarida Suriya yana bir og'riqli mavzu. Tomonlar mojaroda qarama-qarshi guruhlarni qo'llab-quvvatlaydi. Ukraina va Kavkaz bo'yicha ham kelishmovchiliklar bor.

Rossiya samolyoti urib tushirilishidan oldin Anqara va Moskva bu kabi tafovutlarga ko'z yumib, yaqin hamkorlik yo'lidan ketayotgan edi. Ayniqsa, iqtisodiy jabhada.

Erdog'an Isroil bilan ham aloqalarni yaxshilash yo'lini tanladi. Yaqinda har ikki davlat hukumatlari diplomatik aloqalarni to'la tiklash haqidagi bitimni imzoladi.

Bu so'nggi o'zgarishlar orqali Erdo'gan Turkiyaning mintaqada yakkalanib qolishiga chek qo'ymoqchi, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG