Turkiya Rossiya bilan aloqalarni to'la tiklashi kutilyapti

  • Amerika Ovozi

Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an (o'ngda) Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan, Istanbul, Turkiya, 3-dekabr, 2012-yil.

Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an (o'ngda) Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan, Istanbul, Turkiya, 3-dekabr, 2012-yil.

Turkiyada muvaffaqiyatsiz yakunlangan 15-iyul to’ntarishidan eng ko’p Turkiya-Rossiya aloqalari naf ko’rgani aytilmoqda. Hatto bu voqeadan oldin ham tamonlar o’zaro ginalarni unutib, sekin-asta bir-biriga yaqinlashayotgan edi. Jarayon endi ancha tezlashdi.

Harbiy to’ntarish muvaffaqiyatsiz yakunlanishi bilan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan 9-avgust kuni uchrashayotganini ma’lum qildi.

Istanbuldagi Qodir Xosh universiteti tadqiqotchisi Soli O’zelning aytishicha, Putin to’ntarish ketidan Erdog’anni tez qo’llab-quvvatlagani munosabatlarni iliqlashtiradi.

“Turkiyani ehtimoliy to’ntatishdan birinchi bo’lib Rossiya ogohlantirgani haqida gaplar bor. Erdog’an isyon bo’lib o’tgandan beri yirik davlat rahbari bilan ilk bor uchrashayotgani ham ahamiyatli”, - deydi u.

Putin o’z navbatida Erdog’anning G’arbga qaratilgan g’azabidan unumli foydalanishga urinadi, deydi kuzatuvchilar.

Siyosiy tahlilchi Semih Idiz fikricha, Putin Erdog’an tashrifida o’zi uchun yangi imkoniyat ko’rmoqda.

“Hukumat a’zolari, matbuot va ko’plab shaxslar hozir G’arbga qarshi keskin munosabatlar bildirmoqda. Bu boradagi tashqi siyosat inqirozga yuz tutadigandek”, - deydi u.

Turkiya-Rossiya aloqalarini qayta tiklash allaqachon boshlangan.

Shu hafta Bosh vazir o’rinbosari Mehmet Shimshek delegatsiyasi Moskvaga borib, biznes aloqalarini qayta tiklash masalasini gaplashib keldi. Turkiya Suriya chegarasida Rossiya harbiy samolyotini urib tushirgandan beri aloqalar uzilib qolgan edi.

Xalqaro munosabatlar bo’yicha Turkiya prezidenti maslahatchisi Aysha So’zen Usluerning aytishicha,iliq munosabatlar iqtisodiyotdan boshqa jabhalarga ham kirib boradi.

“Yomonlashgan aloqalar hech bir davlatga foyda keltirmasligini o’zaro tushundik. Aloqalarni normallashtirish uchun siyosiy iroda borligini ko’ryapman. Munosabatlar samolyot urib tushirilishidan oldingi holatga qaytishini umid qilyapmiz”, - dedi u.

Bosh vazir o’rinbosari Shimshek Moskvada “strategik hamkorlik” jumlasini tilga oldi. Putin 2014-yil dekabrda Anqaraga kelganda shu ifodani qo’llagan edi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, aloqalarni to’la qayta tiklash uchun Suriya mojarosi bo’yicha tafovutlarni hal qilib olish kerak. Fuqarolar urushida Kreml va Anqara qarama-qarshi tomonlarni qo’llab-quvvatlaydi.

“To’ntarish ketidan hozir Turkiya kuchli mavqeda emas. U o’z so’zini hozir o’tkaza olmaydi. U yondashuvda real voqelikni hisobga olsa kerak. Mintaqaviy masalalarda shundan kelib chiqib qaror beriladi”, - deydi tahlilchi Semih Idiz.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Erdog’anning Putin bilan uchrashuvi kattaroq strategiyaning bir qismi bo’lishi mumkin. Turkiya rahbari Rossiya bilan yaqinlashsa, bu G’arbga qarshi ta’sir o’tkazish vositasi bo’lishi mumkin. Ammo Turkiya prezidenti maslahatchisi Anqaraning NATO va Vashingtonga sodiq ittifoqchi bo’lib qolishini, tashqi siyosatda pragmatizm tamoyili asosida ishlashini qayd etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG