Breaking News

Turkiyaning Somaliga yordami 50 million dollardan oshdi


Turkiya, fuqarolar urushi bilan vayron bo’lgan Somalini qayta rivojlantirishga harakat etmoqda. Bu bilan rasmiy Anqara, Afrika mintaqasidagi iqtisodiy va siyosiy ta’sirini oshirishga hamda xalqaro miqyosdagi obro’sini mustahkamlashga intilmoqda.


Somalini qayta tiklash, u yerda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlab, barqaror hukumat o’rnatish Turkiyaning Sharqiy Afrikada amalga oshirishni ko’zlagan eng muhim maqsadlaridan biri. Tobora rivojlanib borayotgan iqtisodiyoti samarasida Turkiya tabiiyki, energiya, qurilish va qishloq xo’jaligi sektorlarida yangi savdo hamkorlarini qidirmoqda.


Ammo rasmiy Anqaraning bunga erishishi oson kechmaydi. Chunki birinchidan Somalida yigirma yildan beri barqaror markaziy davlat mavjud emas. Muvaqqad hukumat Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko’magida Al-Shabab ekstremist guruhiga qarshi kurashib keladi. Mamlakat o’tkan yili yirik qurg’oqchilikni boshidan kechirdi.


Turk ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha rasmiy Anqaraning maqsadi Somalidagi urushga barham berish. Turkiyaning yordam agentliklari Somali hukumati hamda Al-Shabab nazorat qiladigan hududlarda birdek faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, Turkiya Somali hukumati uchun amaliy mashqlar berishga tayyor ekanini bildirgan. Somalining urushdan vayron bo’lgan poytaxti Mogadishuni qayta qurishda yana turkiyalik quruvchi muhandislar ishtirok etmoqda.


Turkiya Somalini qayta rivojlantirish tashabbusi doirasida bir necha salmoqli qadamlar tashlashga ulgurdi.


O’tgan yili Turkiya Bosh vaziri Toyyib Erdog’an Somalida bo’lgan edi. Erdog’an so’nggi bir necha o’n yilda Somaliga tashrif buyurgan birinchi g’arblik yetakchi hisoblanadi.


“Somali aholisi azob ichida. Lekin bu qiyinchiliklarni to’xtatishning imkoni bor. Turkiya hukumati boshqalarning nima deb o’ylashini kutib o’tirmasdan, Somaliga yordam berishni lozim deb hisoblaydi”, deydi bosh vazir Erdog’an.


Mart oyida Turkiya havo yo’llari so’nggi 20 yilda Somaliga to’g’ridan to’g’ri parvozni tashkil etgan birinchi aviakompaniya bo’ldi.


Turkiya o’tgan hafta ham Somalida barqaror hukumat o’rnatish va shu yilning 20-avgustigacha yangi prezidentni saylash masalalari bo’yicha Istanbulda xalqaro konferensiya tashkil etdi.


Turkiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Seljuk Unalning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Bosh vazir Erdog’anning Mogadishuga tashrifidan so’ng Turkiya, Somali aholisiga 50 million AQSh dollaridan ko’proq miqdorda insonparvarlik yordami jo’natgan.


“Bosh vazirning Somaliga tashrifidan so’ng biz Turkiya davlati fondlaridan, Turkiya aholisidan va ayrim turk jamiyatlaridan 350 million AQSh dollari miqdorida mablag’ yig’dik. Hozirgacha bu to’plangan mablag’ning 51 millon AQSh dollari, somaliliklarga havo va dengiz orqali insonparvarlik yordami ko’rinishida, yetkazib berildi. Bundan tashqari, energiya, qayta qurish, transport va shunga o’xshash sohalarda ham Somaliga yordam berishda davom etamiz”, deydi vazirlik vakili.


“Yaqin Sharq Tinchlik va Shimoliy Afrika tadqiqoti markazi” vakili Veysal Oyxonning aytishicha, Turkiyaning Somaliga bo’lgan qiziqishi asosan ikki mamlakat o’rtasidagi tarixiy aloqalarga borib taqaladi.


Turkiya rasmiylariga ko’ra, Somalida tinchlik o’rnatilishi butun mintaqaga tinchlik olib keladi, deydi Oyxon. Yana uning aytishicha, Turkiya bu sa’y-harakatlari orqali xalqaro hamjamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlashga urinmoqda.


“Turkiya Somaliga yordam ko’rsatish orqali xalqaro hamjamiyatning boshqa vakillari diqqatini tortib, ularni ham yordam berishga undamoqda”, deydi tadqiqotchi Oyxon.


Tashqi Ishlar Vazirligi matbuot kotibi Unalga ko’ra, Afrika o’lkalariga yordam berish, Turkiyanin zimmasiga olgan vazifalarning bir qismi hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG