Turkiya Suriyaga piyoda qo'shin kiritishni taklif qildi

  • Amerika Ovozi

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li Suriya inqirozini tugatish uchun mintaqaga piyoda qo'shinlar kiritish kerak, degan taklif bilan chiqdi. Unga ko'ra, Saudiya Arabistoni va ayrim G'arb davlatlari bunday choraning zarur ekanini tasdiqlagan.

AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Mark Toner esa hozircha bu narsa ko'rib chiqilmayotganini aytdi.

Turkiya rasmiysining bayonoti Suriya kurdlari va Rossiya himoyasidagi hukumat armiyasi shimoliy Suriyada harbiy amaliyotlarni kuchaytirayotgan bir paytda yangradi. Anqara Suriya kurdlariga qarashli harbiy obyektlarni o'qqa tutishda davom etmoqda.

Rossiya Turkiyaning bu harakatlaridan shikoyat qilib, masalani BMT Xavfsizlik kengashiga oshirmoqchi. Turkiya Bosh vaziri Ahmet Dovuto'g'li esa bunday choraga keskin qarshi.

Rossiya kasalxonalar va maktablarni portlatmoqda, lekin Turkiyani BMT Xavfsizlik kengashida muhokama qilmoqchi; bu qanaqasi, deydi Turkiya bosh vaziri.

Dovuto'g'li, shuningdek, Suriya kurdlariga qarshi choralar davom etishini ta'kidladi.

"Agar ular olg'a yurishda davom etsa, kerakli barcha choralarni amalga oshiramiz", - dedi u.

Anqara va Suriya kurdlarini qo'llab-quvvatlayotgan Vashington munosabatlari borgan sari taranglashib bormoqda. Turkiya rasmiylariga ko'ra, Suriya kurdlariga berilgan qurollar har ikki davlat terrorchi tashkilot deb hisoblaydigan Kurdiston ishchilar partiyasi qo'liga borib tushmoqda. AQSh esa Suriya kurdlarini qurol bilan ta'minlayotganini inkor qiladi.

O'tgan oy AQSh Davlat departamentining "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurash uchun mas'ul rasmiysi Bret Makgurk Suriyaning Kobani shahriga tashrif buyurib, bu yeradgi kurd jangchi guruhlari bilan uchrashdi. Shundan so'ng Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Vashington yo Turkiyani yoki kurdlarni tanlasin, deya bayonot chiqardi.

Bu orada bugun tibbiy yordam va oziq-ovqat ortilgan yuk mashinalari Suriyaning qamalda qolgan shaharlariga qarab yo'lga chiqadi. Yuk kolonnasi Suriya hukumati va BMT o'rtasida tuzilgan kelishuv asosida harakatlanmoqda.

Xalqaro yordam Suriyaning yetti hududiga, jumladan, Damashq yaqinidagi Madaya va Zabadani hamda Idlib viloyatidagi Fua va Kefraya shaharlariga yetkaziladi.

BMTning Suriya bo'yicha rasmiy vakili Staffan de Misturaning aytishicha, agar yordam dasturi muvaffaqiyatli amalga oshsa, bu Suriya hukumatining kelishuvlarga jiddiy qarayotganidan darak beradi.

BMT ma'lumotiga ko'ra, ayni paytda 13,5 million suriyalik gumanitor yordamga muhtoj. Bundan tashqari, 2011-yildan beri yana 4,6 million suriyalik mamlakatni tashlab qochgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG