Turkiya Suriyada kurdlarni yana nishonga oldi

  • Amerika Ovozi

Turkiya Suriya shimolida joylashgan kurd jangchilarini qatorasiga ikkinchi kun o'qqa tutdi. Halab yaqinida kurdlardan ikki odam halok bo'lgan.

Turkiya Bosh vaziri Ahmat Dovuto'g'lining aytishicha, kurd jangchilari Suriyaning chegaradagi Azaz shahriga tahdid solmoqda. Suriya armiyasi Rossiya havo kuchlari yordamida Halab va chegara rayonlarini qayta ishg'ol qilishga urinmoqda.

Turkiya Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi jang qilayotgan Kurd demokratik ittifoq partiyasi va uning jangovar qanotini Kurdiston ishchilar partiyasining bir qismi, ya'ni terrorchilar deb biladi.

"Turkiyaning Suriya ichki ishlariga aralashishga haqqi yo'q", - dedi suriyalik kurdlar yetakchisi Solih Muslim.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbi Turkiya va kurdlarni bir-biriga emas, "Islomiy davlat"ga qarshi kurashishga chaqirdi.

Suriya hukumati Anqaraning artilleriya hujumlari ustidan BMTga shikoyat qildi.

Suriyadagi vaziyatni yakshanba kuni Rossiya va AQSh prezidentlari telefonda muhokama qildi. Bir necha kun oldin Myunxendagi uchrashuv paytida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari bir hafta ichida Suriyada jangovar harakatlarni to'xtatishga kelishib oldi.

AQSh, G'arb, Turkiya va Saudiya Arabistoni Rossiyani mo'tadil isyonchilarni nishonga olayotganlikda ayblamoqda. Rossiya bu ayblovlarni inkor etadi.

Shu kunlarda Saudiya Arabistoni Turkiyaning Suriya bilan chegarasiga yaqin joylashgan Injirlik harbiy-havo bazasiga harbiy samolyotlarini yo'llay boshlaydi.

Qirollik bir necha kun oldin piyoda askarlarini ham Suriyaga safarbar etishini bildirgan edi. Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklari ham shunday rejasi borligini ma'lum qilgan. Suriya hukumati bunga qarshi. Unga ko'ra, hukumat ruxsati va taklifisiz mamlakatga oyoq qo'ygan askarlar bosqinchi deb ko'riladi va ularga qarshi kuch ishlatiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG