NATO Turkiya samolyotining urib tushirilganini qoraladi

  • Amerika Ovozi

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an parlamentda so'zlamoqda, Anqara, 26-iyun, 2012-yil.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an parlamentda so'zlamoqda, Anqara, 26-iyun, 2012-yil.

Bugun Bryusselda Turkiya diplomatlari NATO rasmiylari bilan uchrashib, turk qiruvchi samolyotining Suriya tomonidan urib tushirilgani xususida gaplashdi.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen voqeani qoralab, Suriya hukumati xalqaro normalar, tinchlik va inson hayotini pisand qilmayotganiga yana bir misol bu, dedi.

Uchrashuvda alyansga a’zo boshqa davlatlar elchilari ham qatnashgan.

"Umid qilamizki", deydi Rasmussen, "Suriya bundan keyin ehtiyot bo’ladi".

Bosh kotib NATO qanday chora ko’rishi haqida lom-lim demagan.

"Vaziyatni kuzatishda davom etamiz. Blok xavfsizligi o’ta muhim. Turkiya bilan bu masalada birdammiz", - dedi NATO rahbari.

Bryusseldagi uchrashuv Turkiya iltimosiga ko’ra uyushtirilgan. Bu davlat Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an bugun parlamentda so’zlab, Suriyani ogohlantirdi.

“Andishaning otini qo’rqoq qo’ymang. Turkiyaning do’stligini qadrlang. Suriya chegaramizni buzsa, keskin chora ko’ramiz”, - deydi Erdog’an.

Turkiya BMT Xavfsizlik Kengashiga ham shikoyat qilib, voqeani mintaqa barqarorligi uchun tahdid, dedi. Kengash bugun Suriyadagi vaziyat bo’yicha majlis qiladi.

Suriya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jihod Makdissiyning aytishicha, turk samolyoti Suriya sohillari uzra pastlab uchib, xavf tug’dirgani uchun urib tushirilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG