Turkiya Suriya samolyotidagi yukni musodara qilgan


Suriya havo yo'llariga tegishli samolyot Turkiyada majburan qo'ndirildi, 10-oktabr, 2012-yil.

Suriya havo yo'llariga tegishli samolyot Turkiyada majburan qo'ndirildi, 10-oktabr, 2012-yil.

Turkiya harbiy samolyoti Moskvadan Damashqqa uchayotgan, Suriyaga qarashli yo’lovchi samolyotni majburan Anqarada qo’ndirgach, Rossiya Turkiyadan izoh talab qilmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, Turkiyaning bu harakati yo’lovchilar, jumladan rossiyalik 17 fuqaro hayotiga tahdid soldi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’lining aytishicha, samolyotda fuqarolik aviatsiya qoidalariga zid ayrim moddalar bo’lgan, ular musodara qilingach, Suriya havo yo’llariga tegishli samolyotga 30 dan ortiq odami bilan Damashqqa ketishiga ruxsat berildi.

Turkiya televideniyesiga ko’ra, samolyotda raketa tayyorlash uchun zarur qismlar bo’lgan. Ayrim xabarlarga ko’ra, Rossiya Suriya hukumatiga qurol yuborgan. Biroq Rossiyaning qurollarni eksport qilish bilan shug’ullanuvchi kompaniyasi Suriyaga qurol yuborilganini inkor etmoqda.

Dovuto’g’lining aytishicha, Anqara xalqning qirilishiga sabab bo’layotgan qurollarni Suriyaga o’tkazmaslikka qaror qilgan.

Ma’lumki, Turkiya hukumati prezident Bashar al-Assadga qarshi, uni hokimiyatdan ketishga chaqirib keladi. Turkiya, shuningdek, Assadga qarshi kurashayotgan kuchlarni qo’llab-quvvatlab, salkam 100 ming suriyalik qochqinga boshpana bergan.

Suriya Turkiyaga qarashli harbiy samolyotni urib tushirgach hamda snaryad hujumi bilan chegaradagi turk shahrida besh kishini o’ldirgach ikki mamlakat aloqalari yanada buzilgan. Dovuto’g’li Turkiya yo’lovchi samolyotlariga xavfsizlik bois Suriya sarhadiga kirish taqiqlanganini ham ma’lum qildi.

So’nggi kunlarda Turkiya snaryad hujumiga javoban Suriyani qatorasiga bir necha kun o’qqa tutdi. Turkiya qurolli kuchlari boshlig’i general Nejdet Ozelning aytishicha, agar Suriya Turkiya tomon yana o’q otsa, kuchliroq hujumga uchraydi.

Moskvadan uchayotgan Aerobus rusumidagi samolyotda 37 odam bo’lgani aytilmoqda.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Turkiyaga safarini aynan shu sabab qoldirgan. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’lining aytishicha, samolyotning qayerdan kelayotgani muhim emas. Mas’uliyat samolyotga ega tomon bo’ynida.

“Begunoh insonlarni qirayotgan qurollarning Turkiya hududi orqali o’tishiga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi u.

Suriya hukumati Turkiyani qaroqchilikda ayblab, Xalqaro fuqarolik aviatsiya tashkilotiga shikoyat qilishini aytdi.

Bu o’rtada Qo’shma Shtatlar Iordaniyadan turib, Suriyada kimyoviy va biologik qurollar omborini nazorat qilishga kirishgan. AQSh ularning tinch aholi yoki qo’shni davlatlarga qarshi ishlatilishidan xavotirda.
XS
SM
MD
LG