Turk armiyasi Suriyada harbiy amaliyotini davom ettirmoqda

  • Amerika Ovozi

Suriyalik jangchilar Turkiya quvvatlovida Suriya shimolidagi to'rt qishloq va bir shaharni kurd qo'shinlaridan tortib olgan. Hududda Turkiya aviatsiyasi amalga oshirgan havo hujumlarida kamida 35 kishi o'lgani xabar qilinmoqda.

Britaniyadan turib Suriyadagi vaziyatni kuzatuvchi faollarga ko'ra, Jub al-Kusa qishlog'ida 20 kishi, Al Armana shahrida yaqinida esa 15 kishi o'lgan.

Turkiya chegara hududda besh kundan buyon harbiy operatsiya o'tkazmoqda. Suriyaning Jarablus shahridan kurd jangchilarni hamda "Islomiy davlat"ni haydab chiqarish maqsad qilingan. Aytish joiz, kurd jangchilar AQShdan yordam oladi.

Turkiyaning "Anadolu" axborot agentligi xabarida havo hujumlarida o'lganlar "terrorchi tashkilotlarning a'zolari" deya ta'riflandi.

Chegaradagi to'qnashuvlar Anqara Suriyadagi fuqarolik urushida faolroq ishtirok etayotganini ko'rsatadi. Turk armiyasi Daish bilan kurashda G'arbdan moliya va qurol aslaha oladigan kurd qo'shinlarini ham o'qqa tutmoqda. Talab shuki, kurdlar jihodchilardan tortib olingan chegara hududlardan chekinsin.

Guvohlarga ko'ra, 27-avgust kuni Suriyaning Halab shahrida hukumat vertolyotlari dafn marosimida paytida ikki bochkasimon bomba tashlab, 23 odamni o'ldirgan.

Bashar al-Assad hukumat portlovchi moddalar bilan to'ldirilgan bunday bombalardan foydalanishini muntazam rad etsa-da, tahlilchilar so'zlariga ko'ra, Halab atrofida faqatgina Suriya armiyasi hamda Rossiya vertolyot uchiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG