Breaking News

Anqara Suriyadagi islomiy guruhlardan yuz o'girdi


Turkiya bosh vaziri Rajab Toyip Erdog'an Al-Qoidaga aloqador guruhlarni Suriyada oddiy fuqarolar o’limida ayblar ekan, tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’li ham shu kabi keskin fikrlar bildirgan.
Turkiya bosh vaziri Rajab Toyip Erdog'an Al-Qoidaga aloqador guruhlarni Suriyada oddiy fuqarolar o’limida ayblar ekan, tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’li ham shu kabi keskin fikrlar bildirgan.
Oy boshida Turkiya bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog’an Suriyada hukumatga qarshi harakat qilayotgan va Al-Qoidaga aloqasi bor guruhlarni ochiq tanqid qildi.

Yaqingacha Anqara o’zini bundan tutib kelayotgan edi va, hatto Suriya hukumati tomonidan bu guruhlarni yashirincha qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblab kelinayotgan edi. Endi esa Turkiya o’zini ulardan uzoqlashtirayotgandek ko’rinadi.

Turkiya bosh vaziri Al-Qoidaga aloqador guruhlarni Suriyada oddiy fuqarolar o’limida ayblar ekan, tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’li ham shu kabi keskin fikrlar bildirgan.

Bryusseldagi Karnegi jamg’armasida tajriba almashayotgan turkiyalik tahlilchi Sinan Ulgenning aytishicha, Anqaraning bunday izohlari Suriyaga nisbatan siyosat o’zgarayotganidan nishonadir.

"Turkiya tashqi ishlar vaziri Suriyadagi radikal islomiy kuchlarga nisbatan ilk bor qattiq gapirdi. Qo’shma Shtatlar yaqingacha Turkiyaning bunday guruhlar bo’yicha keskin fikr bildirmayotganidan hamda Anqara suriyalik isyonchilarga yuborayotgan yordamning bir qismi jangarilar qo’liga tushayotganidan xavotirlanayotgan edi. Endi esa Turkiya bu borada aniq bayonot chiqarib, xavotirlarga barham bermoqchi", - deydi Ulgen.

Anqara Suriyadagi radikal islomiy kuchlarni qurollantirgani haqidagi ayblovlarni inkor etib kelgan, G’arbning bu guruhlarga qarshi tanqidiy qarashlarini qoralagan edi. Kuzatuvchilarga ko’ra, Turkiya hukumati bunday guruhlarni Suriya rejimiga qarshi eng samarali kurashayotgan kuch sifatida ko’radi.

Anqara Vashington va BMTning Jabhat al-Nusra guruhini terrorchi tashkilot sifatida belgilash qarorini tanqid qildi. Islomiy guruhning Al-Qoidaga aloqadorligi asosiy sabab qilib ko’rsatilgan. Turk hukumati ta’biricha, Assad rejimi undan-da xavfliroq va xalqaro hamjamiyat diqqatni uning jinoyatlariga qaratishi lozim.

Biroq, deydi tahlilchi Ulgen, 180 daraja o’zgarishga sabab shuki, Anqara eski siyosati uning AQSh bilan Suriya bo’yicha hamkorligiga zarar ekanini anglab yetdi.

"Turkiya Suriya muxolifatiga qurol yetkazishda Amerika fikriga quloq tutmas ekan, Qo’shma Shtatlar bu borada Anqara bilan hamkorlik qilmasligi ayon bo’ldi. Buni so’nggi paytlarda AQShning Suriyaga mo’ljallangan yordamining Turkiya emas, Iordaniya orqali o’tayotganidan ham bilsa bo’ladi", - deydi Ulgen.

May oyida Erdog’an Vashingtonda prezident Barak Obama bilan uchrashganida Turkiyaning radikal islomiy guruhlar, jumladan Al-Nusraga nisbatan pozitsiyasi keng muhokama etilgan edi.

Turkiyaning “Taraf” gazetasi jurnalisti Amberin Zamanning aytishicha, o’shandan beri Anqara bunday guruhlarga qarshi chora ko’rgan, ammo siyosat haqiqatan o’zgardimi, yo’qmi, ma’lum emas.

"Adana shahrida Al-Nusra a’zolari o’tirgan uyda reyd o’tkazilgani haqida ma’lumot bor, demak Turkiya bu borada nimadir qilyapti. Ammo bunday guruhlarga qarshi aynan qanday amaliy choralar ko’rilayotganini hali ko’rganimiz yo’q. Ayrimlarga ko’ra, Turkiya Ozod Suriya armiyasidagi ittifoqchilari orqali Al-Nusraga bosim qo’ymoqda, biroq natijadan darak yo’q. Guruh Turkiya chegarasidan janubda bemalol harakatlanmoqda", - deydi jurnalist.

Al-Nusra bilan bir necha haftadan beri jang qilayotgan suriyalik kurdlar boshqaruvi ostidagi Demokratik ittifoq partiyasining da’vo qilishicha, Anqara guruhga yordam berib kelmoqda. Al-Nusra kurdlarni prezident Assadni yoqlayotganlikda ayblaydi, kurdlar esa buni inkor etmoqda. Turkiya hukumatining o’zi Demokratik ittifoq partiyasidan shubhalanar ekan, ularning Turkiyadagi kurdlar orasida bo’lginchilik kayfiyatini kuchaytirishidan xavotirda.

Biroq tahlilchi Ulgenning aytishicha, Anqara Al-Nusrani qo’llab-quvvatlashning foydadan ko’ra zarari kattaroq ekanini yaxshi tushunadi.

"Anqara al-Nusradan kurdlar partiyasiga qarshi kurashdagi siyosatning bir bo’lagi sifatida foydalanayotgan bo’lishi mumkin, ammo endi bunday siyosatning AQSh bilan aloqalarda hamda kurdlarning Turkiyaga munosabatida qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi oydinlashmoqda. Anqara hozir shularni o’ylamoqda", - deydi Ulgen.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG