Chegarada xavf tug'ilsa, Turkiya zarba berishga tayyor

  • Amerika Ovozi

Turkiya chegarachilari

Turkiya chegarachilari

Kecha Turkiya xavfsizlik idoralari rahbarlari majlis qilib, qo'shni Suriyadagi vaziyatni muhokama qilgan. Unda aytilishicha, agar islomiy jangarilar yoki suriyalik kurdlar chegara xavfsizligiga tahdid solsa, Turkiya zarba beradi. Biroq rasmiy Anqara Suriya hududiga qo'shin tortib, bufer zonasini yaratmoqchi emas.

O'tgan hafta kurd jangchilari Kobani shahrini islomiy jangarilardan tortib olganidan so'ng Erdog'an kurdlarning mustaqil davlat qurishiga yo'l berilmasligini aytgan edi.

Turk matbuotida Prezident Rajab Toyib Erdog'an suriyalik kurdlarga o'z davlatini barpo etishiga to'siq qo'yish uchun mamlakat shimoliga 18 ming qo'shin kiritishga hozirlanayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Matbuotga ko'ra, Turkiya 30 kilometrlik bufer zonasini yaratmoqchi.

O'tgan hafta kurd rasmiylari Anqarani islomiy ekstremistlarni Turkiya orqali Suriyaga o'tkazayotganlikda ayblagan.

Bu o'rtada suriyalik faollarning bildirishicha, "Islomiy davlat" jangarilari ikki ayolni joduda ayblab, ularning boshini olgan. Voqea Suriya sharqidagi Dayr-al-Zur viloyatida ro'y bergan. Ayollarning turmush o'rtoqlari ham qatl etilgan.

"Islomiy davlat" bir yil oldin xalifalik e'lon qilganidan beri Suriyada 3000 dan ziyod odamni qatl etgan. Qurbonlar orasida AQSh, Britaniya, Yaponiya fuqarolari ham bor.

AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya jangarilarni bir necha oydan beri havodan nishonga olib keladi. Biroq AQSh sobiq elchisi Jeyms Jeffrining aytishicha, havo zarbalari "Islomiy davlat"ga jiddiy zarar yetkazgani yo'q.

"Ularning salohiyati, shashti pasaygani yo'q, saflari siyraklashgani yo'q, guruh tor-mor etilgani yo'q", - deydi sobiq diplomat.

Unga ko'ra, "Islomiy davlat" dunyodagi eng katta terror tahdidi.

"Bu al-Qoida bir paytlar solgan xavfdan ham kattaroq. "Islomiy davlat" mamlakatlarni yengmoqda. Al-Qoidaning qo'lidan bu ish kelmasdi", - deydi Jeyms Jeffri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG