Turkiya Suriyaga qo'shin kiritdi

  • Amerika Ovozi

Turkiya armiyasi Suriyaga maxsus qo’shinlar va tanklarini kiritdi. Undan oldin esa jangarilar pozitsiyalari artilleriyadan nishonga olindi. Ayni damda chegaradagi Jarablus shahrida Daish jangarilariga qarshi amaliyot o’tkazilmoqda.

Xabarlarga ko’ra, turk qo’shinlari “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda AQShdan yordam olayotgan kurdlarni ham o’qqa tutmoqda. Anqara suriyalik kurdlarni Turkiyada hukumatga qarshi kurashib kelayotgan Kurdiston ishchilar partiyasi bilan hamkorlik qilayotganiga ishora qiladi.

“Kimki Turkiyaga tahdid solsa, jazosini oladi”, - dedi Prezident Rajab Toyib Erdog’an.

Anqara so’nggi paytda Turkiyani larzaga solgan terror xurujlariga chek qo’ymoqchi. O’tgan hafta Gaziantepdagi xuruj hukumat sabr kosasini to’ldirgan ko’rinadi.

Bu o’rtada Suriya Tashqi ishlar vazirligi qo’shni davlatni uning suverenitetini buzganlikda aybladi.

Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, Turkiya Suriyada kurdlarning kuchayayotganidan, ularning mustaqil davlat yaratish rejasidan hamda buning Turkiyadagi kurd aholiga salbiy ta’siridan xavotirda.

Bu orada AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Prezident Erdog’an va Bosh vazir Binali Yildirim bilan muloqot qilish uchun Anqaraga borgan.

Turkiyada 15-iyul davlat to’ntarishiga harakatdan so’ng yuqori lavozimli Amerika rasmiysining respublikaga ilk tashrifi. Erdog’an Qo’shma Shtatlar va G’arbni 240 odamning o’limiga sabab bo’lgan siyosiy fitnadan so’ng Anqarani qo’llab-quvvatlamaganlikda ayblagan edi.

Turkiyalik tahlilchi Kamol Kirishchining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, turklarning Amerika va Yevropadan ko’ngli qolgan.

Bayden bu mamlakat rahbarlari bilan muloqot chog’ida Turkiya hali ham AQShning eng yaqin hamkori ekaniga ishontirishga harakat qiladi. Tomonlar Suriyadagi vaziyat xususida ham gaplashishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG