Turkiya: Suriyadagi amaliyotlar davom etadi

  • Amerika Ovozi

Turkiya Suriyada "Islomiy davlat" jangarilari hamda AQSh qo'llab-quvvatlovidagi kurd kuchlariga qarshi harbiy amaliyotlarni davom ettirmoqda. Bu esa AQSh, Rossiya hamda Eron manfaatlari to'qnash kelayotgan hududda vaziyatni yanada beqarorlashtirmoqda.

31-avgust kuni Eron Anqarani shimoliy Suriyadagi harbiy harakatlarini to'xtatishga chaqirdi. Tehronga ko'ra, Turkiya askarlarining bu yerda turishi mojaroni yanada kuchaytiradi.

AQSh harbiylari kurdlarning Frot daryosi sharqiga o'tganini tasdiqlamoqda. Bu to'qnashuvlarning yakun topishiga hissa qo'shishi umid qilinmoqda.

"Suriya demokratik kuchlari a'zosi bo'lgan kurdlar ayni paytda Frot daryosining sharqiy tomonida turibdi. Ular o'z va'dalarining ustidan chiqdi", - dedi Yaqin Sharqdagi amaliyotlarni boshqaruvchi AQSh markaziy qo'mondonligi rahbari general Jozef Votel.

General ayni paytda Turkiyaning "Islomiy davlat"ga qarshi olib borayotgan amaliyotlarini "juda muhim va olqishlanarli" deb atagan.

Turkiya barcha xavflar bartaraf etilmaguncha shimoliy Suriyadagi harbiy harakatlarni to'xtatmasligini aytmoqda.

"Chegaramizga va fuqarolarimizga qarshi bo'lgan terror guruhlari va tahdidlar to'la yo'q qilinmaguncha amaliyotimiz davom etadi", - dedi Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG