Turkiya suriyalik kurdlar bilan kelishmoqchi

  • Amerika Ovozi

Turkiya-Suriya chegarasi. Suriya prezidenti Bashar al-Assad qo’shinlari Turkiya bilan chegaradan chekinganidan beri hudud suriyalik kurdlar qo’liga o’tgan. Anqara buni xavotir bilan kuzatib keladi.

Turkiya-Suriya chegarasi. Suriya prezidenti Bashar al-Assad qo’shinlari Turkiya bilan chegaradan chekinganidan beri hudud suriyalik kurdlar qo’liga o’tgan. Anqara buni xavotir bilan kuzatib keladi.

Suriyalik kurdlar muxtoriyat haqidagi niyatini e’lon qilganida Turkiya g’azablanib, chegaraga askar jo’natgan edi. Ammo yaqinda Anqaraning kayfiyati o’zgarib, Anqara Suriya kurdlari tuzgan Demokratik ittifoq partiyasi bilan muzokara qildi. Turkiya avval bu partiyani terrorchi tashkilot deb hisoblar edi.


Turkiya Tashqi ishlar vazirligi o’tgan oy Demokratik ittifoq partiyasi rahbari Solih Muslimni qabul qilib, matbuotda shov-shuv ko’tardi. Istanbulda oliy darajada bir necha diplomatik uchrashuvlar o’tdi.

Tomonlar bu anjumanlarni ijobiy ta’rifladi, joriy haftada ham muloqotlar rejalangan.

Turkiyadagi “Taraf” gazetasi muxbiri Amberin Zamon nazarida bular muhim burilish.

“Turkiya hukumati ancha payt Demokratik ittifoq partiyasi va uning rahbariyatini o’ziga yo’latmay kelayotgan edi. Anqara fikricha, bu guruh Kurdiston ishchilar partiyasidan mutlaqo farq qilmas, demak terrorchi tashkilot edi. Albatta, bu uchrashuvlardan biror natija chiqadimi-yo’qmi, boshqa masala”, - deydi jurnalist.

Suriya prezidenti Bashar al-Assad qo’shinlari Turkiya bilan chegaradan chekinganidan beri hudud suriyalik kurdlar qo’liga o’tgan. Anqara buni xavotir bilan kuzatib keladi.

Ko’p o’tmasdan Demokratik ittifoq partiyasi Turkiyaning isyonkor kurd mahallalari bilan chegaradosh bu regionda muxtoriyat e’lon qilish niyatini bildirdi. Rasmiy Anqara bunga aslo yo’l qo’ymasligini aytib kelgan.

Ammo “Hurriyat” gazetasi muxbiri, mudofaa masalalarini yorituvchi ekspert Metexan Demir fikricha, Anqara oxirgi paytlarda siyosatini o’zgartirib, suriyalik kurdlarga real yondashmoqda.

“Yillar o’tib, faqat ogohlantirish va po’pisalar samara bermasligini tushundik. Yo’l qo’ymaymiz, chidab turmaymiz, deyish bilan ish bitmaydi. Biz xohlaymizmi, yo’qmi, ahvol o’zgarayapti. Shu bois Turkiya yondashuvni qayta ko’rib chiqmoqda”, - deydi jurnalist.

Suriya kurdlarini to’xtatishga kuchi yetmasligini tushungan Turkiya pragmatik siyosatni tanladi, deydi tahlilchilar.

Anqara chegaraga qo’shin tortgani bilan qurolli mojaroga bormaydi, deb hisoblaydi Istanbulda asoslangan tadqiqot instituti olimi Sinan Ulgen.

“Harbiy ixtilofning hozir hech kimga keragi yo’q. Turkiya aholisi buni qo’llab-quvvatlamaydi”, - deydi mutaxassis.

Suriya kurdlari bilan navbatdagi uchrashuv shu hafta oxiriga rejalangan. Turkiya kurdlari jarayonni diqqat bilan kuzatishi aniq, deydi tahlilchilar.

Solih Muslim, Demokratik ittifoq partiyasi rahbari Turkiyada muzokara o'tkazmoqda.

Solih Muslim, Demokratik ittifoq partiyasi rahbari Turkiyada muzokara o'tkazmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG