Turkiyada Tolibon vakolatxonasi ochiladimi?

  • Amerika Ovozi

Turkiyada Tolibon vakolatxonasi ochiladimi?

Turkiyada Tolibon vakolatxonasi ochiladimi?

Turkiya Afg’onistonda hukumat va muxolifat o’rtasida kechayotgan tinchlik muzokaralarida faol ishtirokchi. Tolibon harakati yaqin orada Turkiyada vakolatxona ochishi mumkin. Rasmiylar bu xabarni tasdiqlamoqda.

Pokiston rahbari Osif Ali Zardariy yaqinda Anqarada mehmon bo’ldi. Turkiya prezidenti Abdulla Gul uchrashuvlar ketidan o’tkazilgan matbuot anjumanida so’zlar ekan, rasmiy Kobul va muxolifat o’rtasidagi tinchlik muzokaralariga ko’maklashamiz va Tolibon Turkiyada siyosiy idora ochishiga rozimiz, degan.

“Afg’oniston masalasi tinch yo’l bilan hal etilishi tarafdorimiz. Tinchlik va osoyishtalikka xizmat qiluvchi tashabbuslarda doimo ishtirok etganmiz va bundan keyin ham hissa qo’shishda davom etamiz”, - deydi prezident Abdulla Gul.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Davudog’lu ham Afg’oniston sobiq prezidenti Burhoniddin Rabboniy bilan bu mavzuni muhokama qilganini tasdiqladi. Rabboniy hukumat tomonidan tuzilgan tinchlik kengashiga rais.

Ismi oshkor qilinmagan bir afg’on rasmiysining qayd etishicha, Turkiyada toliblar idorasini ishga tushirish rejasi anchadan beri muhokama qilinayotgan mavzu.

O’tgan dekabr oyida Istanbulda o’tkazilgan bir anjumanda Afg’oniston rahbari Hamid Karzay rasmiy Anqaraning vositachilik tashabbuslariga ijobiy baho bergan edi.

“Shaxsan o’zim bilan va Tolibon vakillari bilan mavzu alohida ko’tarilgan. Hukumat va muxolifat o’rtasida yuzma-yuz uchrashuvchlarni Turkiyada o’tkazish g’oyasini ham ko’rib chiqqanmiz. Turkiya bunga imkoniyat yaratib bersa, Afg’oniston hukumati buni olqishlaydi”, - degan edi Hamid Karzay.

Turkiyaning NATO tinchlik kuchlari doirasidagi sobiq elchisi Hikmat Chetin tomonlar murosa qilmoqchi bo’lsa, Tolibon harakati bilan gaplashmasdan iloj yo’q, deydi.

“Toliblar Afg’onistonda katta kuch, Pokistonda ham nufuzga ega. Demak Karzay ma’muriyati hamda Tolibon guruhining mo’tadil a’zolari bilan muloqot o’tkazilishi tabiiy deb o’ylayman. Afg’on rahbarlari tinchlik va murosa yo’lida muzokaraga ko’nsa, bu ishni harbiylar ham qo’llab-quvvatlasa, mamlakatda vaziyat o’nglanadi”, - deydi Hikmat Chetin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG