Breaking News

Boy arablar Turkiyaga oshiqmoqda, nega?


Istanbul
Istanbul

Yevropadagi iqtisodiy inqiroz Turkiyada turizmga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Ammo Yaqin Sharqda bu yurtga sayohat qilish ilinjida yurganlar oz emas.

Qizig’i shundaki, ilgari sayyohlar Marmara dengizi va Bosfor bo’g’ozi sohillaridagi oromgohlarda dam olib, ko’hna Istanbulning go’zal masjidlarini ziyorat qilib, sharqona bozorlarni kezgan bo’lsa, endilikda Bosh vazir Rajap Toyib Erdog’an ularni o’ziga rom etmoqda.

O’tgan oy Misr poytaxti Qohirada Erdog’anni mashhur estrada yulduzidek kutib olishdi. Yaqin Sharqdagi inqiloblarni qo’llab-quvvatlagan va Isroil bilan diplomatik urush boshlagan Turkiya rahbarini olqishlab, minglab odam ko’chaga chiqdi.

Endi esa dunyo kezaman degan arablar Turkiyaga yo’l olmoqda.

Istanbulning Istiqlol deb nomlangan shohko’chasi sayyohlarga to’la. Ma’lumotlarga ko’ra, joriy yilda 2 million arab Turkiyaga sayohat qilgan. Bu o’tgan yildan ikki barobar ko’p.

Quvaytlik Ahmad Istanbulga aynan Erdog’an deb kelganini aytadi.

Turkiya Bosh vaziri Erdog'an arablar nazarida qahramon
Turkiya Bosh vaziri Erdog'an arablar nazarida qahramon

“Erdog’an yaxshi odam. Hamma musulmonlar bir-birini quvvatlashi kerak. Men Erdo’gan deb keldim. Yaxshi mamlakat ekan. Ilgari AQSh, Britaniya, Malayziyaga borganman”.

Do’kondorlar uchun bu ayni muddao. Arab sayyohlarini qondirish uchun shoshilmoqda.

Ilgari Istanbul bozorlarida ingliz, rus tillarini eshitsangiz, bugunga kelib sotuvchilar arab tilida gapirib, xaridorlar ko’nglini olishga shay.

Neftga boy arab mamlakatlaridan kelganlarni bu yerda “pulning yuziga qaramaydigan boyvucchchalar” deyishadi.

Rasmiylaru iqtisodchilar vaziyatdan mamnun, axir turizm mamlakatni boyitishi aniq.

Marmara dengizi
Marmara dengizi

“Istanbul ko’chalariga bir chiqing-a! Turkiyada hech qachon buncha arab turistini ko’rganmisiz? 2011 yilda sayyohlar soni ancha ko’paydi. Turizm uchun muhim yil bo’ladiganga o’xshaydi. Arab sayyohlari narsa xarid qiladi, pul sarflaydi, bu esa iqtisod uchun yaxshi”, - deydi iqtisodchi olim Emre Yigit.

Istanbul otellari bu sayyohlarni quchoq ochib kutib olmoqda.

Istanbul markazidagi mehmonxonalardan birining menejeri Edip Chelik deydiki:

”Yevropa Ittifoqidagi inqiroz tufayli Gretsiya, Ispaniyalardan hech kim kelmay qo’ydi. Mehmonlarimizning 60-70 foizi – arablar. Ular esa bozor qilishni yaxshi ko’radi. Birinchi navbatda do’konlar qayerda joylashgan deb so’raydi”.

Istanbul
Istanbul

Yaqin Sharqda Turkiyani jozibador qilib ko’rsatadigan narsa bu televizion seriallar. Yuqori sifatli bu videofilmlar boy hayot va qizg’in munosabatlaru sevgi-muhabbatni aks ettiradi. Konservativ jamiyatda hayoti bir me’yorda kechadigan arablar uchun bu juda qiziq. Va ko’plab shinavandalar seriallarda ko’rgan joylarni o’z ko’zi bilan ko’rishga intilib, turk o’lkasiga yo’l oladi.

Aydar Sengech – turistlar gidi, Bosfor bo’yidagi hashamatli villada arab turistlarini aylantirib yuripti. Bu bino Yaqin Sharqda nihoyatda mashhur bo’lgan televizion serialda ko’rsatilgan.

Istanbulning Istiqlol ko'chasi
Istanbulning Istiqlol ko'chasi

”Sayyohlar Saudiya Arabistoni, shimoliy Afrika, Jazoir, Tunisdan kelgan. Ikki oy ichida 3000 odam keldi. Ko’pi – ayollar. Ular serialdagi qahramonlarni yoqtirgan, filmni ham katta qiziqish bilan ko’rgan. Chunki film ularning hayotiga o’xshaydi, oilaviy munosabatlar haqida”.

Asla ismli quvaytlik ayol Turkiya seriallarini jonidan ortiq ko’rishini aytadi.

“Biz aktyor va aktrisalarni yaxshi ko’ramiz. Drama arablarning ko’ngliga mos. Bizning mamlakatda serial ko’rsatilayotganida, ko’chalar bo’shab qo’ladi. Na odam, na avtomashina bor, hammaning ko’zi televizorda”.

Yevropada iqtisodiy tanglik davom etar ekan, Istanbul va Turkiyaning boshqa shaharlari fursatdan foydalanib, arab sayyohlarini jalb etishga unirmoqda va buning uddasidan chiqayotgan ko’rinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG