Turkiyada yuzlab arboblar hukumatga qarshi fitnada aybdor topildi

  • Amerika Ovozi

Sud ko’zga ko’ringan harbiy, siyosatchi, yozuvchilarni hukumatni ag’darishga uringanlikda aybdor topgach, namoyishlar avjiga chiqdi.

Turkiya sudi ko’zga ko’ringan harbiylar, siyosatchilar, yozuvchilarni hukumatni ag’darishga uringanlikda aybdor deb topgach, norozilik kayfiyati yana avjiga chiqdi. 275 kishi uzoq muddatga panjara ortiga tashlanishi kutilar ekan, faollar nazarida bu bosh vazir Rajab Toyip Erdog’anning raqiblardan qutulish kampaniyasidir.


Istanbul yaqinidagi shaharda joylashgan sud binosi xavfsizlik xizmati tomonidan qurshab olingan, odamlar yo’latilmayapti. Bundan g’azablangan omma politsiyani bosim bilan chekinishga majbur qilmoqchi bo’lgan. Huquq-tartibot organlari xodimlari ko’zni yoshlantiruvchi gaz va suv qo’llashga majbur bo’lgan.

Qurolli kuchlar bosh shtabi sobiq rahbari, iste’fodagi general Ilker Boshbug’, sudga tortilganlar orasida. “Ergenekon” fitnasi nomi bilan tanilgan bu ishda general va yana besh yirik ofitser umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi.

Parlament deputati Akif Hamzajebi hukmni tanqid qilmoqda:

“Turkiya armiyasiga qattiq zarba bu. Bunga yo’l qo’yish mumkin emas. Bosh shtab sobiq rahbarini terrorchi tashkilotga a’zolikda ayblab sudlashdi. Turkiya armiyasini shubha ostiga olish emasmi bu? Xalq bunga qarab turmaydi. Xalq partiyasi sifatida bunga mutlaqo qarshimiz”.

275 kishining mahkamasi besh yil davom etib, jamoatchilik ikkiga bo’lingan. Tanqidchilar nazarida hukumat muxolif fikrni bo’g’ishga urinayapti. Tarafdorlar esa buni demokratiyaning g’alabasi deb ta’riflaydi, chunki harbiylar jilovlandi. Turkiya armiyasi 1960-yildan beri to’rt hukumatni ag’dargan.

Hukumat so’zlovchisi Bulent Arinch kecha jamoatchilikni sud qarori bilan hisoblashishga undadi.

“Sudlanganlar orasida qurolli kuchlar, universitetlar, davlat idoralarida xizmat qilgan odamlar bor. Birov qamalganini hech kim tantana qilayotgani yo’q. Ammo mahkama o’z qarorini e’lon qildi va uni hurmat qilishga majburmiz”, - deydi rasmiy.

Turkiya iyun boshidan beri ommaviy namoyishlar sahnasiga aylangan. Hukumat Istanbuldagi istirohat bog’ida qurilish rejalagani avvaliga faollar e’tirozini uyg’otgan. Ko’p o’tmay bu chiqishlar rahbariyatga qarshi ommaviy g’alayon tusini oldi. Omma bosh vazir Erdog’an va uning Adolat va taraqqiyot partiyasini avtoritarizmda ayblab tanqid qilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG