Turkiya Ukrainadagi voqealarga ko'z-quloq

  • Amerika Ovozi

Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’li

Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’li

Turkiya Qora dengizning narigi tomonidagi qo’shni davlatda voqealarni diqqat bilan kuzatmoqda. Rasmiy Anqara e’tibori, ayniqsa, Qrimga qaratilgan. Turkiyadan 280 kilometr uzoqlikdagi yarimorol aholisining 15 foizini turklarga qardosh Qrim tatarlari tashkil etadi. Ularning katta qismi avtonomiyaning Rossiyaga qo’shilishiga qarshi.

Yaqinda Turkiya poytaxti Anqarada yashovchi tatarlar namoyish uyushtirib, Rossiyani Qrimdan qo’shinlarini chiqarishga da’vat etdi.

Qrim tatarlari milliy qurultoyida Turkiyadan vakil Zafar Qoratoy Rossiyaning hozirgi siyosatini qoraladi.

"Tarix yana qaytarilmoqdami? Qrim tatarlari va Qrim turklarini yana o’limga mahkum etishmoqchimi? Yarimorolda hozir bo’layotgan voqealar barchamizni xavotirga solmoqda", - deya xitob qildi Qoratoy namoyishda.

Turkiyaning boshqa shaharlarida ham tatarlar chiqishlar uyushtirdi. Ularning bobolari Turkiyaga Rossiyadan, Usmoniylar imperiyasi qulashidan so’ng qochib borgan.

Turkiya matbuotida xorijiy xabarlarga katta e’tibor qaratilmaydi, biroq so’nggi kunlarda Qrimdagi vaziyat tobora kengroq yoritilmoqda.

Ukrainadagi siyosiy o’zgarishlardan so’ng Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’li bu mamlakatga va Qrimga safar qildi, mahalliy tatarlar yetakchilari bilan uchrashdi. Turk vaziri Moskvani yarimoroldagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqdamiz, deya ogohlantirdi.

"Bosh vazir va prezidentimiz qondoshlarimizning taqdiriga befarq bo’ladi deb o’ylamang. Na Qrimda na dunyoning boshqa chekkasida. Qayerdaki birodarlarimiz kulfatda bo’lsa, birinchi bo’lib yordamga biz shoshamiz", - dedi Dovuto’g’li.

Istanbul Texnologiya universitetida turkiy xalqlar bo’yicha mutaxassis Umut Uzerning aytishicha, turk va tatarlar o’rtasida tarixiy aloqalar mavjud.

"Qrim 18-asrgacha Usmoniylar imperiyasiga qaragan, demak, bu yerlar bizga qarashli, turklarga, musulmonlarga. Tashqi ishlar vazirimizning u yerga borib, jamoa vakillari bilan uchrashgani Turkiyaning Qrim tatarlari taqdiriga befarq emasligini ko’rsatmoqda", - deydi Uzer.

Turkiyada hozir mahalliy saylovlarga qizg’in tayyorgarlik ketmoqda. Hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasining aksariyat tarafdorlari millatchi faollar bo’lib, mintaqadagi turkiy xalqlar taqdiri ularni hamisha qiziqtirgan. Hukumat mamlakatdagi tatar aholini qo’llab-quvvatlab kelgan. Biroq Qrimda vaziyat taranglashsa, deydi professor Uzer, Anqara ehtiyotkorlik bilan siyosat yuritishga majbur bo’ladi.

"Albatta, yirik namoyishlar bo’ladi. Axir Turkiya chetidagi turkiy xalq qoni to’kilsa, mamlakatdagi odamlarning qoni qaynaydi. Qrimga borib ko’ngilli sifatida jang qilmoqchi bo’lgan ayrim turk millatchilari ham topiladi. Ammo hukumat harbiy kuch ishlatishdan o’zini tiyadi degan fikrdaman", - deydi ekspert.

Turkiyadagi tatar jamoalari hukmron partiyani keskinroq chora ko’rishga da’vat etishi tabiiy. Rossiya Turkiyaning eng yirik savdo hamkorlaridan sanaladi. Ikki davlat aloqalari usiz ham Suriyani deb taranglashgan.

Tashqi ishlar vaziri Dovuto’g’lining aytishicha, Anqara Qrim masalasida Moskva bilan to’qnashmaslikka harakat qiladi. Tahlilchilar ham shunday fikrda – Ukrainadagi siyosiy inqiroz chuqurlashgan sari Turkiya qadamini o’ylab bosadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG