Breaking News

Turkiyadagi siyosiy mashmasha ham AQSh bilan aloqalarga, ham biznesga ziyon


Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an
Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an
Turkiyada korrupsiya bilan bog’liq mashmasha AQSh bilan munosabatlarga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Rasmiy Anqara tergovni xalqaro fitna deb, uning ortida Qo’shma Shtatlar turganiga ishora qilmoqda. Hukumatga moyil mahalliy matbuot, hatto AQSh elchisini mamlakatdan haydashga chaqirmoqda.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an bu ishda tashqi kuchlarni ayblamoqda. Amerika elchisi Frensis Rikkiardone esa matbuotda fitnachilarga sherik sifatida ko’rilmoqda, ammo uning korrupsiya tergoviga aloqadorligi xususida biror dalil keltirilmagan. Hukumat elchiga qarshi ayblovlardan o’zini uzoqlashtirishga urinmayapti ham.

Istanbuldagi Siyosiy forum tahlilchisi Chingiz Aktarning aytishicha, bu hol ikki yaqin ittifoqchi aloqalarini sovutmoqda.

"Qo’shma Shtatlar malomat ostida qolganidan norozi. Anqara mamlakatdagi muammolarda butun dunyoni ayblab bo’ldi. Yahudiylar lobbisi ham chetda qolib ketmadi", - deydi ekspert.

Malomat toshining eng kattasi AQShda yashayotgan din peshvosi Fathulla Gulenga tegdi. Gulen Erdog’anning kechagi ittifoqchisi, uning hokimiyatga kelishida muhim rol o’ynagan. U asos solgan ham “Xizmat”, ham “Jamoat” nomi bilan yuritiluvchi harakat a’zolari orasida adliya tizimining ko’plab xizmatchilari borligi aytiladi.

“Milliyet” gazetasi jurnalisti Qadri Gursel AQSh va Turkiya tashqi siyosatidagi farqli qarashlarni Vashingtondan shubhalanishga sabab sifatida ko’ryapti.

"Agar hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi yetakchilari Obama ma’muriyati bilan Misr, Isroil, Suriya, Iroq masalalarida hamfikr bo’lganida edi, Gulen harakati boshida turganlar hukumatga hujum qilishga jur’at eta olmasdi. “Jamoat” markazi Turkiyada emas, AQShda joylashgan", - deydi Gursel.

Masalan, Anqara Vashingtonni o’tgan yili Misrda Muhammad Mursiyning prezidentlikdan ag’darilishiga qarshilik ko’rsatmagani uchun yoki Suriyada Bashar Assad rejimiga qarshi harbiy zarba bermagani uchun tanqid qilib keladi. Qo’shma Shtatlar esa Turkiyaning Suriyada jihodchi guruhlarni qo’llab-quvvatlayotganidan norozi.

Tahlilchi Chingiz Aktar fikricha, tarang munosabatlarni o’z holiga qaytarish qiyin emas.

"Turkiya hukumati o’z manfaatlari ketidan ketmoqda. Yo’nalishni 180 darajaga o’zgartirsa, eski ginalar unutiladi. Ammo Anqara hozirgi yo’lidan qaytmoqchi emas", - deydi Aktar.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Eron, Iroq va Suriya bilan umumiy chegaraga ega Turkiya Vashington bilan munosabatlarda strategik joylashuvidan foydalanishga harakat qilib kelgan. Biroq Karnegi jamg’armasining Bryusseldagi markazi ilmiy xodimi Sinan Ulgenning aytishicha, Vashington uchun Anqaraning bu ma’nodagi ahamiyati so’nib bormoqda.

"Iroq va Suriyani oladigan bo’lsak, Qo’shma Shtatlar oldingi yillarga qaraganda faol siyosat yuritmoqchi emas, shu sabab Turkiyaning AQShga ta’siri kamayib bormoqda. Turk siyosatchilariga bu haqda bildirilgan bo’lsa kerak deb o’ylayman", - deydi Ulgen.

AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel oy oxirigacha Turkiyaga borib kelmoqchi. Qo’shma Shtatlar Anqaraning Xitoy raketalarini sotib olish rejasidan tashvishda – yana bir ziddiyatli mavzu.

Turkiya ichki siyosati Yevropa Ittifoqini ham xavotirga solmoqda. Erdog’an shu hafta Bryusselda bo’ldi – so’nggi besh yilda birinchi marotaba. Tomonlar Turkiyaning ittifoqqa qo’shilish rejasi xususida gaplashishi kerak edi, ammo mavzu korrupsiyani tergov qilishda ishtirok etgan politsiyachi va prokurorlarning ishdan olinishi tomon burildi.

Siyosiy jarayonlar tadbirkorlarni ham bezovta qilmoqda. “Erensan” kompaniyasi rahbari Ali Erenning aytishicha, biznes muhit buzilyapti.

"Hukumat va adliya o’rtasidagi janjal davlat tizimini barbod qilishi mumkin. Bu esa biznesga zarar, kundalik hayot izdan chiqadi. Albatta, bunday bo’lish ehtimoli bir foizdan kam. Ammo shunday ehtimol mavjudligining o’zi tashvishlanarli. Mavhumlik savdoning to’xtashiga olib keladi", - deydi Eren.

Qurilish Turkiyada eng avjiga chiqqan bizneslardan. Soha ketidan davlat ancha oyoqqa turib oldi.

"Davlat fuqarolarga ikkita kalit taklif qildi – biri mashinaning, ikkinchisi esa uyning kalitini. Odamlar iqtisodiy ahvolidan mamnun. Poraxo’rlik bilan bog’liq tergov ham qurilishga tegishli", - deydi tahlilchi Chingiz Aktar.

Hukumatga aloqasi bor ayrim yirik kompaniyalar shubha ostida. Ular hukumat yordamida Istanbulda uy qurish uchun imtiyozli shartlar bilan yer olganlikda gumon qilinmoqda.

“Finansbank” bosh iqtisodchisi Inan Demirning aytishicha, tergov ketidan ayrim loyihalar to’xtab qolishi mumkin.

"Ba’zi firmalar kredit ololmasligi mumkin. Loyihalar yirik bo’lgani uchun pulning bir qismi xorijdan olinayotgan edi", - deydi Demir.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, lira qadrsizlangan, xaridor ishonchi pasaygan, xorijiy sarmoyadorlar mamlakatni tark etish arafasida. Mart oyida mahalliy saylovlar, avgustda esa prezident saylovlari oldidan mamlakatda mavhumlik hukm surmoqda.

Tahlilchilar iqtisodiy o’sish ikki foizdan kam bo’lishi haqida bashorat qilmoqda. Ikki yil oldin bu ko’rsatkich 10 foiz atrofida edi. Chingiz Aktar nazarida hozirgi ahvol hukmron partiyaga saylovda qimmatga tushishi mumkin.

"Agar iqtisodiyot yomonlashsa, turklar, har bir mamlakatda bo’lgani kabi, hamyonga qarab ovoz beradi", - deydi mutaxassis.

So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, “Adolat va taraqqiyot” partiyasining obro’si hali ham baland. Shunga qaramay muxolifat hozirgi vaziyatni mavqeini yaxshilash uchun yaxshi bir imkoniyat sifatida ko’rmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG