So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Turkiya G’arbdan yuz o’girmoqda

  • Amerika Ovozi

So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Turkiya G’arbdan yuz o’girmoqda

So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Turkiya G’arbdan yuz o’girmoqda

Shu kunlarda Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo’shilish uchun muzokara boshlaganiga besh yil to’lmoqda. A’zolikdan esa haligacha darak yo’q.

NATO a’zosi, AQShning yaqin do’sti va ittifoqchisi deb e’tirof etilgan Turkiya so’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, G’arbdan yuz o’girmoqda.

Turkiyaning o’zida esa AQSh va bu davlat rahbari Barak Obamaning reytingi ancha pasaygan.

O’zini g’arbu-sharq o’rtasida ko’prik, vositachi davlat deb ko’ruvchi Turkiyada so’nggi bir yilda G’arbga nisbatan kayfiyat keskin o’zgargan. Yaqinda e’lon qilingan ommaviy so’rov natijalari shundan dalolat bermoqda.

Transatlantik aloqalarni o’rganuvchi Marshal Fondi o’tkazgan izlanishga ko’ra, bu davlatda aholining atigi 17 foizi AQSh haqida ijobiy fikrda.

Turkiya Barak Obama saylanganidan keyin mehmon bo’lib borgan ilk o’lkalardan biri. Anqarada bu davlat parlamentida so’zlab, islom dunyosi bilan munosabatlarni tiklashga, o’zaro hurmat va manfaat asosida muloqot boshlashga chaqirgan edi AQSh rahbari.

O’shandan beri oradan 1,5 yil vaqt o’tdi. Obamaga nisbatan xayrixohlik Turkiyada hozir atigi 28 foiz atrofida – Yevropada eng past ko’rsatkichlardan. Yan Lesser, Marshal Fondi yetakchi mutaxassisi, tadqiqotga boshchilik qilgan.

“Yevropa bo’ylab AQSh rahbari hamon millionlab tarafdorga ega”, deydi u, “lekin o’tgan yil bilan qiyoslaganda, Turkiyada uning reytingi sezilarli ravishda tushib ketgan”.

Turkiya NATO tarkibidagi yagona musulmon davlat. Lekin a’zolikdan naf yo’q deyayotganlar safi ham kengayib bormoqda. Ayni paytda 1800 turk zobiti Afg’onistonda xizmat qiladi.

Yevropa Ittifoqiga a’zolik ham boshi berk ko’chada. Aksar turklar nazarida ittifoq bu masalaga samimiy yondashmayapti va muzokarani to’xtatgan ma’qul.

Mishel Igan, Amerika Universiteti professori, xalqaro aloqalardan dars beradi. “Rasmiy Anqara G’arbdan, AQSh va Yevropadan yuz o’girmoqda degan xulosa tasdig’ini ayrimlar uning Yaqin Sharqdagi faolligida ko’radi”, deydi u. “Masalan, Turkiya Braziliyaga qo’shilib, Eronga taklif bilan chiqdi, lekin bu tashabbusni AQSh quvvatlamadi”.

Turkiya-Eron hamkorligi izlanishda alohida tilga olinadi. Eronni yadroviy maqsadlaridan qaytarish uchun harbiy chora qo’llash taklifiga respondentlarning 14 foizi “ha” deb javob bergan.

G’arbu sharqni bir-biriga yaqinlashtirishda san’at ahlining o’rni beqiyos. Oq uydan ikki ko’cha narida Turk Festivali. Har yili o’tkaziladigan tadbirda milliy raqs va kuylar yangraydi. Maqsad rishtalarni mustahkamlash, deydi tashkilotchilar.

“Ikki mamlakat va xalqlar bir-birini yaxshiroq tushunsin, munosabatlar yaxshilansin deymiz. San’at tilini hamma tushunadi, shuning uchun bu kabi tadbirlarni o’tkazib turish muhim”, - deb hisoblaydi san’atkorlar.

Amerikada yashayotgan turk muhojirlar G’arb bilan munosabatlarni quyidagicha ta’riflaydi:

“Turkiya Yevropa Ittifoqiga qo’shilmasa ham o’zining yo’lini topib ketadi. Bunga ishonchim komil”, - deydi Xadicha Shermat.

“Bu yerga o’qishga kelganimdan beri, Obama bergan va’dalarini bajarmayapti, siyosatchilar o’zi shunaqa bo’ladi, degan gaplarni ko’p eshitaman”, - deydi talaba Fulya Gorer.

Tahlilchi Ayan Lesser deydiki, va’dabozlik va Yevropa tomonidan e’tirozlar Turkiyani haqiqatdan ham G’arbdan bezdirib qo’yishi mumkin. “Harbiy ittifoqdan chiqib ketish haqida gap ketmayapti, albatta. Muhim sohalarda hamkorlik davom etadi. Lekin Turkiya bilan stragetik rishtalarni qo’ldan boy berish kelajakda muammo tug’dirishi aniq”, - deydi u.

Hozirga kelib Yevropa Ittifoqiga a’zolik shartlarining ko’pi bajarilgan. Turkiya konstitutsiyasiga yaqinda jiddiy o’zgartirishlar kiritildi. Yechimini topmayotgan bir masala bu – rasmiy Anqara Yevropa Ittifoqiga a’zo Kipr bilan chegarani ochmayotganidir.

“Qo’shma Shtatlar Turkiyani Yevropaning ajralmas qismi deb biladi va uni qabul qilishga undamoqda”, -deydi olima Mishel Igan. “Bryusselni ko’ndirish AQSh tashqi siyosatida muhim yo’nalish bo’lishi mumkin, biroq Yevropa uchun bu juda jiddiy qaror ekanini ham unutmaslik kerak”.

Turkiyaning ittifoqqa kirishga qiziqishi so’nib bormoqda, deb hisoblaydi ayrim tahlilchilar. Yevropa Ittifoqi tez orada bir to’xtamga kelishi zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG