AQSh generali Turkiyadagi voqealarga aloqadorligini rad etdi

  • Amerika Ovozi

Afg'onistondagi NATO kuchlarining sobiq qo'mondoni, to'rt yulduzli AQSh generali Jon Kempbel

Afg'onistondagi NATO kuchlarining sobiq qo'mondoni, to'rt yulduzli AQSh generali Jon Kempbel

AQSh generali Turkiya gazetalaridan birida muvaffaqiyatsiz yakunlangan to'ntarishga sobiq AQSh harbiysi bosh qo'shgani haqidagi maqolani mantiqsizlik deb atadi.

"Yeni Shafak" nashrida noma'lum manbalarga asoslangan holda chop etilgan maqolada yozilishicha, Afg'onistondagi NATO kuchlarining sobiq qo'mondoni, to'rt yulduzli AQSh generali Jon Kempbel Turkiyaga maxfiy tashrif buyurib, to'ntarish tashkilotchilariga milliardlab dollar pul tarqatgan.

"General Kempbel bunday ishlarga aralashishi mumkinligi haqidagi gaplar bema'nilik", - dedi AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi qo'mondoni general Jo Danford.

AQSh armiyasi 25-iyul kuni chiqargan bayonotga ko'ra, zaxiradagi general Turkiyadagi so'nggi siyosiy voqealarga aloqadorligi haqidagi turk matbuoti da'volarini mutlaqo rad etadi.

"Bu da'volarda hech qanday haqiqat yo'q", deyiladi bayonotda.

Mudofaa vazirligi rasmiysi polkovnik Patrik Seyberning aytishicha, general Kempbel zaxiraga chiqqandan so'ng Turkiyaga bormagan va bu voqealar bo'yicha AQSh hukumati mavqeini qo'llab quvvatlaydi.

Turkiya-AQSh aloqalari

Suriya va Iroq bilan chegaraga ega Turkiya "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda AQShning muhim ittifoqchisi sanaladi. Havo hujumlarini amalga oshirishda Injirlik havo bazasidan foydalaniladi. Mamlakatda 3000 dan ortiq AQSh askari bor.

Muvaffaqiyatsiz yakunlangan to'ntarish ortidan Injirlik bazasi bir hafta zaxiradagi elektr generatori yordamida ishlagan. Hozir odatdagi energiya tarmog'iga qayta ulangan.

General Danfordning aytishicha, turkiyaliklar unga ikki bor murojaat qilib, IShIDga qarshi kurashda Turkiya-AQSh aloqalari mustahkam bo'lib qolishini aytgan.

Mudofaa vaziri Eshton Karter ham so'nggi voqealar terrorga qarshi kurashdagi AQSh-Turkiya hamkorligiga putur yetkazmasligini, bunga uni Turkiya mudofaa vaziri ishontirganini aytdi.

Ayni paytda Anqara harbiy to'ntarish AQShda istiqomat qiluvchi diniy arbob Fathulloh Gulen tomonidan amalga oshirilganini aytmoqda.

O'tgan hafta Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim Gulenning voqeaga aloqasi bo'yicha dalillar AQShga jo'natilganini aytdi. Anqara Gulenning Turkiyaga ekstraditsiya qilinishini talab qilmoqda.

Pensilvaniya shtatida yashovchi Gulen voqealarga aloqasi borligini inkor etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG