Breaking News

Turkiya AQShning suriyalik kurdlarga yordamidan norozi


Suriyadagi kurd jangchilari
Suriyadagi kurd jangchilari

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an AQShning suriyalik kurd jangchilarini qo'llab-quvvatlash siyosatini keskin tanqid qildi. NATOning ikki yirik a'zosi "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurash xususida ham kelisha olmayapti.

Anqara va Vashington qurollangan suriyalik kurd jangchilari bobida kelisha olmasa, o'rtada taranglik kuchayishi mumkin. AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbi kurd bo'linmalarini "Islomiy davlat"ga qarshi samarali kurashayotgan kuch deb, AQSh ular bilan hamkorlikni davom ettirishi haqida gapirdi.

Prezident Erdog'an bu bayonotni tanqid bilan qarshi oldi.​

"Qo'shma Shtatlar xatosini tushunib, yondashuvini qayta ko'rib chiqadi deb o'ylayman. Turkiya "Islomiy davlat", kurd jangarilari hamda "Kurdiston ishchilar partiyasi"ni terrorchi tashkilotlar deb biladi", - dedi Erdog'an.

Suriyalik kurd jangarilari o'tmishda "Kurdiston ishchilar partiyasi" bilan birga harakat qilgan. "Kurdiston ishchilar partiyasi" asosan turkiyalik kurdlardan shakllangan bo'lib, ko'p yillardan beri keng vakolat uchun kurashib keladi. AQSh, Yevropa Ittifoqi va Turkiya "Kurdiston ishchilar partiyasi"ni terrorchi tashkilot deb belgilagan, biroq suriyalik kurd jangchilari AQSh nazarida bundan mustasno.

Turk diplomatlaridan birining tasdiqlashicha, Turkiyaning "Injirlik" aviabazasida joylashgan AQSh harbiy samolyotlariga shu oy suriyalik kurdlarning jihodchilarga qarshi janglarida havodan madad berish taqiqlandi.

Vashington aviabaza islomiy jangarilarga qarshi kurashda strategik rol o'ynashiga umid qilgan edi, biroq taqiq bu umidlarni puchga chiqardi, deydi Turkiyaning "Jumhuriyat" gazetasi sharhlovchisi Semih Idiz.​

"Amerikaliklar bundan asabiylashgan, hatto o'zini aldangan deb ham o'ylashmoqda, chunki "Injirlik"dan ular o'ylagan darajada natija bo'lmadi. Yolg'iz havo hujumlari bilan g'alabaga erishish mumkin bo'lmasligini tushungan Vashington shu kungacha qo'lga kiritilgan yutuqlarni boy bermoqchi emas. Demak, suriyalik kurdlarning Amerika oldida ahamiyati yanada oshadi", - deydi tahlilchi.

Ammo boshqa tomondan, agar Vashington suriyalik kurd bo'linmalariga yordamni oshirsa, ittifoqchisi Turkiya bilan munosabatlari yanada taranglashishi mumkin. Kuzatuvchilarning aytishicha, AQShning so'nggi bayonotlaridan uning "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda bunga ham tayyorligini bilsa bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG