AQSh harbiy hamkorlik bobida Turkiyadan minnatdor, raketa tizimida ham Anqaraga tayanmoqda


“Turk-Amerika Kengashi” anjumanida qatnashgan Turkiya Mudofaa vaziri Vejdi Gonul va Pentagon rahbari Robert Geyts manfaat-maqsadlar mushtarak, deydi

“Turk-Amerika Kengashi” anjumanida qatnashgan Turkiya Mudofaa vaziri Vejdi Gonul va Pentagon rahbari Robert Geyts manfaat-maqsadlar mushtarak, deydi

Qo’shma Shtatlar Afg’oniston va Iroqdagi hamkorlik uchun Turkiyadan minnatdor.

NATO Yevropada raketa hujumidan mudofaa sistemasini o’rnatishni rejalar ekan, Oq Uy bu masalada ham Anqara yordamiga umid qilmoqda. Yaqinda Vashingtonda o’tgan “Turk-Amerika Kengashi” yig’inida mana shu mavzular ko’tarilgan.

Asosan, harbiy va tijoriy masalalarda vositachilik bilan shug’ullanuvchi “Turk-Amerika Kengashi”ning bu yilgi anjumanida turk diplomatlari bilan uchrashgan AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts ittifoqdosh davlatlar o’rtasida jiddiy kelishmovchilik yo’q, dedi.

“Ba’zi masalalar bo’yicha tortishib turamiz. Masalan, Eronga nisbatan jazo choralari xususida AQSh va Turkiya pozitsiyalari farq qiladi. Shuningdek, Turkiya-Isroil aloqalari yaxshilanadi degan umiddamiz. Nima bo’lishidan qat’iy-nazar, ittifoqchimiz, demakki, mintaqadagi manfaat-maqsadlarimiz bir”, - deydi Geyts.

Amerika vaziri fikricha, tarixdagi eng muvaffaqiyatli harbiy ittifoq bo’lmish NATOni zamon talabiga moslashtirish uchun raketa hujumidan mudofaa sistemasini qayta ko’rib chiqish darkor.

NATOga a’zo davlatlar bu tizimga o’z hissasini qo’shishi kerak, deydi AQSh mudofaa vaziri. Buni amalga oshirishda Anqaraga bosim o’tkazilgani borasida xabarlar, Geytsning aytishicha, asossiz.

“Loyihani NATO ma’qullasa, Turkiya texnik jihatdan yordam qilishi va mutaxassis berishi borasida maslahatlashyapmiz. Matbuotdagi xabarlar haqiqatdan yiroq. Biz faqat Lissabonda o’tadigan NATO anjumanida Turkiya taklifimizni himoya qilishiga umidvormiz deganmiz, xolos”, - deydi Geyts.

“Turk-Amerika Kengashi” anjumanida qatnashgan Turkiya Mudofaa vaziri Vejdi Gonul ham ikki davlat manfaatlar va maqsadlari mushtarak degan.

“Turk-Amerika munosabatlari mustahkam. Ko’p mavzularda hamkorlik qilayapmiz. Demokratiya, inson huquqlari, qonun ustuvorligi va erkin bozor iqtisodiyoti tamoyillariga ko’ra ish tutyapmiz”, - deydi vazir Gonul.

Uning aytishicha, AQShning tashabbuslari ittifoq xavfsizligiga hissa qo’shadi va buni NATO doirasida rivojlantirish mumkin. Mudofaa tizimi NATOga a’zo davlatlar himoyasi uchun muhim, deydi u.

Vashingtondagi anjumanda harbiy rahbariyat qatorida AQSh va Turkiya savdo vazirlari ham qatnashib, iqtisodiy va strategik hamkorlik borasida maslahatlashgan.

XS
SM
MD
LG