Turkiya rasmiysi: So'nggi voqealar AQSh-Turkiya aloqalariga zarar yetkazmaydi

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidentining tashqi siyosat bo'yicha bosh maslahatchisi muvaffaqiyatsiz yakunlangan harbiy to'ntarish AQSh-Turkiya munosabatlariga putur yetkazmasligini ta'kidladi.

Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an isyon boshlangan kuniyoq unda AQShda yashovchi Fathulloh Gulenning qo'li borligini e'lon qildi. Shu bois Anqara Vashingtondan asli turkiyalik bu diniy arbobni ekstraditsiya qilishni so'ramoqda.

Turkiyaning ayrim rasmiylari hatto harbiy to'ntarishga Vashington ham aralashganini da'vo qildi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bu iddaolarni inkor qildi.

Oradan bir hafta o'tib Turkiya prezidentining tashqi aloqalar bo'yicha bosh rasmiysi Ayshe Sozen Usluer hodisada AQShning ishtiroki borligi haqidagi da'volarni rad etdi. Ammo u bunday gap-so'zlarning chiqishida ayrim AQSh qonunchilarini aybladi.

"Ikki AQSh senatori "Twitter"da "Yaxshi xabar, harbiylar Turkiya diktatorini ag'darmoqda", deb yozdi. Bunday gaplar Turkiya xalqiga yordam bermaydi. Biz yuzlab odamlar hayotini boy berdik. Do'stlarimizdan hamdardlik kutamiz bunaqa payt. Bunday munosabat Turkiya xalqini, demak, to'ntarish ortida xorijiy kuchlar bor ekan, degan fikrga undaydi. Lekin to'ntarishda biror tashqi davlat ishtirok etganini tasdiqlovchi rasmiy ma'lumot yo'q", - dedi Turkiya rasmiysi.

Usluer ayrim turk rasmiylarining AQShni ayblashini ularning shaxsiy mulohazalari deb atadi.

Ammo hozir Anqaraning Fathulloh Gulenni ekstraditsiya qilish talabi AQSh va Turkiya munosabatlaridagi ziddiyatli nuqta bo'lib turibdi.

Vashington bunday talab tegishli dalillar asosida va huquqiy tartib doirasida amalga oshirilishini aytmoqda. Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim agar Gulenni topshirishmasa, bu "urush bilan teng harakat" bo'ladi, dedi.

Usluer ekstraditsiya uzoq vaqt oladigan jarayon ekanini tan oladi.

"Barcha rasmiy ishlar vaqt oladi. Lekin qat'iyat va samimiy hamkorlik bo'lishi muhim", - deydi u.

Usluerning aytishicha, Vashington ana shu qat'iyat va samimiyatni ko'rsatyapti. Agar AQSh Gulenni topshirmasa, Turkiya ekstraditsiya bo'yicha Vashington bilan mavjud kelishuvni bekor qiladi va bu mintaqaviy hamkorlikka ta'sir qilmaydi, deydi u.

"Bu AQSh-Turkiya aloqalariga putur yetkazmaydi. Hamkorligimiz, ayniqsa, Injirlik bazasi orqali IShIDga va boshqa terrorchi guruhlarga qarshi kurashimiz davom etadi", - dedi Usluer.

Bosh vazir Yildirim Gulenning harbiy to'ntarishga aloqadorligini tasdiqlovchi dalillar AQShga topshirilganini bildirdi.

AQSh Gulenni ekstraditsiya qilish uchun yetarli dalil bor deb hisoblagan taqdirda ham, jarayon oylab, hatto yillab davom etishi mumkin. Bu esa Yaqin Sharqda terrorga qarshi kurashda hamkorlik qilayotgan ikki davlat munosabatlarini yanada sovuqlashtirishi mumkin.

Gulenni ekstraditsiya qilish jarayoni 1979-yil AQSh va Turkiya o'rtasida tuzilgan kelishuv asosida amalga oshiriladi. AQSh yuzdan ortiq davlat bilan shunday shartnoma imzolagan.

15-iyul kuni harbiy to'ntarishdan oldin ham Anqara Vashingtondan Gulenni hibsga olishni va Turkiyaga jo'natishni so'ragan, ammo bu haqda rasman murojaat qilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG