AQSh generali Anqaraga nega bordi?

  • Amerika Ovozi

Yaqin Sharqda ziddiyatlar oshib borayotgan bir mahalda AQSh Qurolli kuchlar bosh shtabi qo'mondoni Josef Danford Anqaraga tashrif buyurdi. Turkiya "Islomiy davlat" ekstremist to'dasiga qarshi kurashda xalqaro koalitsiyaga qo'shilgan davlatlardan.

General Danford muhokama qilayotgan bosh mavzu - "Islomiy davlat"ga qarshi urush. Iroq va Suriya bilan chegaradosh Turkiyani AQSh bu kurashda muhim ittifoqchi deb biladi.

Ammo "Jumhuriyat" gazetasi muxbiri Semih Idizning qayd etishicha, NATOga a'zo bu davlat bilan hamkorlik doimo ham oson emasligini general yaxshi biladi.

"Tomonlar kelisha olmagan masalalar o'tmishda ham bo'lgan, bugun ham bor. Masalan, Amerika Suriyadagi kurdlarga, Turkiya dushman deb bilgan kuchlarga harbiy yordam berib keladi", - deydi Idiz.

"Islomiy davlat"ga qarshi qo'liga qurol olib samarali kurashayotgan, harbiy strategiyadan xabardor jangchilar aynan kurdlardir. Ularning armiyasini peshmerga deb atashadi. Anqaraning da'vosi shuki, peshmerga "Kurdiston ishchilar partiyasi" bilan aloqada. Bu guruh bilan turk armiyasi yillardan buyon kurashadi.

Peshmerga so'nggi oylarda "Islomiy davlat"dan bir qanchda hududlarni tortib olgan. Ular chegaraga yaqinlashmasin, deya talab qo'ymoqda Anqara.

Tahlilchi Sinan Ulgen deydiki, Turkiya general Jozef Danforddan aynan shuni so'raydi, chunki AQSh bilan imzolangan hamkorlik kelishuvida bu haqda band bor.

Ana shu kelishuvga muvofiq Anqara xalqaro koalitsiya kuchlariga o'z aviabazasidan foydalanishga ham ruxsat bergan edi.

"Agar Vashington Turkiya xavotirlariga quloq tutmasa, oradan ishonch ketadi. Uzoq muddatda esa Turkiya ekstremizmga qarshi kurashda AQSh muhim deb bilgan masalalarda hamkorlikdan voz kechishi ham mumkin", - deydi Ulgen.

Anqara kurd armiyasini jilovlash uchun qo'shni davlatga armiyani ham yubora olmaydi, chunki Suriyada Rossiya qo'shinlari bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG