Turkiya admirali AQShda g'oyib bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Turkiya harbiylari 15-iyul tunidagi isyon paytida

Turkiya harbiylari 15-iyul tunidagi isyon paytida

AQShga xizmat safariga jo'natilgan Turkiya armiyasi admirali g'oyib bo'lgani xabar qilinmoqda. U Turkiyaga qaytish bo'yicha Anqaradan buyruq olgach, AQShdan siyosiy boshpana so'ragan bo'lishi mumkin. Zobit josuslik bo'yicha Turkiyada davom etayotgan tekshiruvda qatnashishi kerak bo'lgan.

Turkiya dengiz kuchlari admirali Mustafo Ugurli Virjiniyadagi NATO qo'mondonligi idorasida ishlagan. U 22-iyul kuni shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini topshirib, o'zi bedarak yo'qolgan.

15-iyul kuni Turkiyada yuz bergan harbiylar isyoni ketidan Ugurlu Anqaraga chaqirilgan. Turkiya rasmiylaridan birining "Reyter" axborot agentligiga aytishicha, AQShdagi yana ikki zobit Turkiyaga chaqirib olingan, ammo ularni hibsga olish haqida buyruq berilmagan.

AQSh rasmiylariga ko'ra, Qo'shma Shtatlarda 100 dan ortiq Turkiya harbiysi bor. Ular NATO idoralarida hamda turli Amerika harbiy tashkilotlarida ishlaydi.

Ugurli 22-iyul kuni AQShdagi vazifasidan ozod qilingan Turkiya harbiylari orasida edi.

Undan tashqari, Gretsiyadagi yana ikki turk polkovnigi Anqaraga chaqirilgandan so'ng, Italiyaga qochib ketgan. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovushog'lining aytishicha, bu ikki zobit oilasi bilan 6-avgust kuni kemada Gretsiyadan chiqib ketgan.

Chovusho'g'li ayni paytda harbiylarning Turkiyaga qaytarilishini so'rab Italiya hukumatiga murojaat qilinganini ma'lum qildi.

Ugurlining siyosiy boshpana so'rab murojaat qilganini hali AQSh rasmiylari tasdiqlagani yo'q.

Bu yangi mashmasha Turkiya-AQSh aloqalarini yanada chigallashtirishi mumkin. Anqara allaqachon Pensilvaniyada istiqomat qiluvchi diniy arbob Fathulla Gulenni ekstraditsiya qilishni talab qilgan. Turkiyaga ko'ra, 15-iyul kungi isyonni Gulen rejalagan.

AQSh ayni paytda Gulenga aloqador ishni ko'rib chiqayotganini aytgan, ammo uni Turkiyaga berish uchun asosli dalil bo'lishi lozimligini ta'kidlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG