Breaking News

Turkiya-O'zbekiston aloqalarida yangi sahifa ochilayaptimi?


Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto'g'li
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto'g'li

Sovet ittifoqi qulashi ketidan O’zbekiston mustaqilligini birinchi bo’lib tan olgan davlatlardan biri Turkiyadir. Ammo so’nggi yillarda munosabatlar ancha sovuqlashgan. Aloqalarni jonlantirish Toshkentga safar qilgan turk mulozimlarining asosiy maqsadidir. Oqsaroyda prezident Islom Karimov bilan muloqot qilgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto'g'li hamkorlikni kengaytirishga urg'u bergan. Karimov, Toshkentdan kelayotgan ma'lumotlarga ko'ra, turk bosh diplomatining so'zlarini olqishlagan va o'tmishda yo'l qo'yilgan xatolardan saboq olgan holda yangi qadamlar qo'yish lozimligi haqida gapirgan.

Turkiya-O'zbekiston aloqalari, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:54 0:00
Yuklab oling

O'zbekiston va Turkiya rahbarlari fevral oyida Sochi Olimpiadasining ochilish marosimida qisqa uchrashgan edi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, safar davomida mavjud aloqalar, mintaqaviy va xalqaro masalalar haqida fikr almashildi.

Rasmiy tashriflar o'z yo'liga, lekin bu ikki yirik turkiy davlat hamkorlikning yangi sahifasini ocha oladimi? Munosabatlar O'zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida gurkiragan, ammo o'tgan ikki o'nyillikda muttasil ravishda sovuqlashib bordi.

Quvg'inga uchragan o'zbek muxolifati Turkiyadan boshpana topayotgani Karimovni g'azabga keltirgan va bu ziddiyat tobora kengayib bordi. Siyosiy munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan urinishlar natija bermadi. Turk tadbirkorlari O'zbekistonda bosim ostiga olindi.

Toshkent shu paytgacha Turkiya yetakchiligidagi loyihalardan, jumladan, turkiy davlatlar hamkorligi bo'yicha tashabbuslardan o’zini tortib keldi.

Aloqalarni tiklash uchun navbatdagi urinish shu nuqtadan boshlanmoqda, ammo ijobiy o’zgarish bo’lishiga ishonch kam, deydi Turkiyada tashkil etilgan “Turkistonliklar” jamiyati raisi o'rinbosari Namoz Normo'min, "Amerika Ovozi" bilan safar oldidan gaplashar ekan.

“Dovuto'g'lining Toshkentga borayotgani Turkiya hukumati rahbari Erdog'anning O'zbekistonga rasmiy safarini kelishish maqsadida amalga oshayotgan bo'lishi mumkin. Turkiya-O'zbekiston munosabatlari, hammaga ma'lum bo'lganidek, hech bir zamonda istalganidek rivojlanmadi, sovuq. O'zbekiston turkiy davlatlar tashkilotiga ham qo'shilgan emas. Hozir bu munosabatlarning tubdan o'zgarishini kutish qiyin. Chunki O'zbekiston ham, Turkiya ham katta o'zgarishlar arafasida turibdi. O'zbekistonda Karimov boshqaruvi, zamoni oxirlab bormoqda. Turkiyada ham ijtimoiy-siyosiy hayotda katta o'zgarishlar kutilmoqda. 10-avgust kuni Turkiya prezidentligi uchun saylovlar o'tadi, prezident birinchi marta xalq tomonidan saylanadi, mamlakat esa prezident boshqaruviga o'tishi ehtimoli bor”, - deydi siyosatshunos.

O’zbekistondagi siyosiy bosimlardan qochib Turkiyaga hijrat qilgan Normo'minga ko'ra, Anqara Toshkent bilan yaqinlashishni, xalqlar o’rtasida ijtimoiy-madaniy rishtalar kuchayishini istaydi, Karimov esa bundan manfaatdor emas.

"Karimov olib borayotgan siyosat dunyoning katta davlatlari - AQSh, Rossiya, Xitoy bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Yaqinda mana Janubiy Koreya prezidenti O'zbekistonda muzokaralar o’tkazib ketdi. Bu muzokaralar Janubiy Koreyaning mamlakatdagi siyosatga biror daxl qilmasligi asosida qurilmoqda. Turkiya bilan yaqinlashish esa nafaqat iqtisodiy, madaniy, ma'rifiy, balki siyosiy jihatdan ham O'zbekisonga ta’sir qilishi mumkin. Avvalo, til birligi bor, keyin har ikki davlatda ham musulmonlar yashaydi. Qolaversa, hozir Turkiyada ham Rossiyada bo'lgani kabi minglab o'zbekistonlik muhojirlar bor”, - deydi Namoz Normo'min.

Tahlilchilarga ko'ra, O'zbekiston va Turkiya muloqoti MDH miqyosida kechayotgan yangi geosiyosiy vaziyatni ham e'tibordan soqit qilmaydi. Ukraina bilan bog'liq jarayonlar mintaqa davlatlari yana Rossiya tomon og'a boshlaganini ko'rsatmoqda, mintaqa mustaqilligini olqishlab chiqqan Turkiya esa bunga befarq emas.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqat O'zbekiston Ukraina hududiy yaxlitligini qo'llab chiqishi Turkiya bilan bu boradagi pozitsiyalarni bir qadar yaqinlashtirgan.

So'nggi hodisalar, shuningdek, Turkiy davlatlar hamkorligi tashkilotini kuchaytirishga ehtiyoj oshganini ko’rsatmoqda. Yaqinda bu tashkilotga Turkmaniston kuzatuvchi sifatida qo'shildi. Toshkentdagi muzokaralar O'zbekistonni ham tashkilotga jalb etish yo’lidagi qadam bo’lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG