Breaking News

Turkiya-O'zbekiston aloqalari qaysi sohalarda rivojlanadi?


Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an (o'ngda) O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan Toshkentda, 18-noyabr, 2016-yil.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an (o'ngda) O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan Toshkentda, 18-noyabr, 2016-yil.

Toshkentda O`zbekiston-Turkiya hamkorligiga doir navbatdagi muhokamalar o`tmoqda. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho`g`lini qabul qiladi. Rasmiy safar bilan Toshkentga kelgan Chovusho`gli o'zbekistonlik hamkasbi Abdulaziz Komilov, Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri G`aniyev, shuningdek, parlamentda deputatlar bilan uchrashuv o`tkazdi.

O'zbekiston va Turkiya prezidentlari Mirziyoyev va Erdog`anning Samarqandda o`tgan uchrashuvida hamkorlikdagi yangi bosqich haqida bayonot qabul qilingan edi. Ammo aloqalardagi o`zaro ehtiyotkorlik hamon yo`qolmagan, Edog`anning Turkiya saylovlaridagi g`alabasi ortidan munosabatlar qanday rivojlanishi haqida munozarali qarashlar mavjud.

Prezident Mirziyoyev tomonidan qabul qilinishi kutilayotgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho`g`li O`zbekistondagi bir qator vazirlik va rasmiylar bilan ham uchrashuv o`tkazishi rejalangan.

Chovusho`g`li tashrifi Rustam Azimov boshliq o`zbek delegatsiyasining fevral oyida Turkiyaga qilgan safari ortidan kuzatilmoqda. Tashrif davomida Istanbulda o`tkazilgan o`zbek-turk biznes forumida bir milliard dollarga yaqin hamkorlik shartnomalari imzolangan, Azimov Turkiya Prezidenti Toyib Erdog`an tomonidan qabul qilingan edi.

O`zbek-turk munosabatlarida yangi davr boshlangani haqidagi bayonot prezidentlar Mirziyoyev va Erdog`an Samarqandda uchrashgan paytda e'lon qilingan edi. O'tgan yilning noyabrida kuzatilgan bu safardan beri ancha vaqt o`tdi, munosabatlar hozircha, prezidentlar ta`kidlaganidek, shiddat bilan rivojlanayotgani kuzatilmadi.

Chovusho`g`lining Toshkentdagi uchrashuvlarida aloqalar rivojiga to`siq bo`lib turgan shu muammolar muhokama qilinishi taxmin qilinmoqda. Ular qatorida Turkiyadagi muhojirlar va xavfsizlik masalasi ham bor. Xususan, so`nggi xurujlarga aloqador o`zbeklarning aksariyati Turkiyada yashagani Toshkentda xavotir bilan qabul qilinayotgani ta`kidlanmoqda.

Turkiyada yashayotgan o`zbek faollaridan biri Namoz Normo`minga ko`ra, Chovusho`g`lining Mirziyoyev tomonidan qabul qilinayotgani ikki tomon uchun ham tashrifning muhimligini ko`rsatmoqda.

“Uchrashuvdagi asosiy masalalardan biri Turkiyadagi o`zbekistonlik muhojirlar masalasi bo`lishi kerak. Chunki bizning hisobimizga ko`ra, hozir Turkiyada 100 mingga yaqin O`zbekiston fuqarolari bor va ular turli toifaga mansub. Aksariyati esa, asosan, mehnat muhojirlari. Shu bilan bir qatorda so`nggi xurujlar, jumladan, Istanbuldagi teraktlar, Suriya bilan bog`liq vaziyat O`zbekiston hukumatini bezovta qilayotgani aniq. Bu masala muhokama qilinishi kerak, chunki Turkiyadagi o`zbekistonliklarning maqomi aniq emas, kelganida bir oylik viza bilan keladi, keyin esa ro`yxatda turish, ishga ruxsat olish juda qiyin masala. Shu bois muhojirlar o`zlarini har tomonga urishadi, bu vaziyat jiddiy muhokama qilinishi kerak, tomonlar bunga tayyor deb umid qilaman”, - deydi u.

Turkiyada prezident boshqaruviga o`tish ma`qullangan referendum bo`lib o`tdi. Bu referendum ortidan prezident Erdog`an tashqi siyosatda jiddiy faollashishi kutilmoqda. Chovusho`g`lining Toshkentdagi muzokalaridan oliy maqomdagi tashrif muhokamasi o`rin olishi ehtimoli bor.

"Meningcha, Erdog`an O`zbekistonga boradi, chunki Turkiyada prezident hokimiyati uchun ovoz berilgandan so`ng u juda faollashgan. Yaqinda Rossiya, Xitoy, Hindiston va AQShga boradi. Shuning uchun ham men Erdog`an O`zbekistonga borishini kutayapman, ammo teskarisi - Mirziyoyevning Turkiyaga kelishi muhokama qilinishi ham mumkin", - deydi Normo`min.

Prezident Erdog`an vakolatlarining kuchaytirilishi, Turkiyaning tashqi siyosatda faollashishi rasmiy Toshkent bilan munosabatlarda o`zgarish qilishiga nisbatan tanqidiy qarashlar ham mavjud.

Muhojirlikda yashayotgan o`zbek yozuvchisi Safar Bekjonga ko`ra, Erdog`an islomiy qadriyatlarni dastaklash bilan o`z hokimiyatini mustahkamlab bormoqda, bu turkiy davlatlar birligini ustun ko`rgan avvalgi Turkiya pozitsiyasidan ancha farq qiladi.

"Erdog`an tarafdorlari aynan islomiy jabhada kuchli, ular o`zbeklarga ham boshpana berayotgani, ish bilan ta`minlayotgani, moddiy yordam ko`rsatishda vosita bo`layotgani bois ham akasiyat o`zbeklar Erdog`an tarafdorlarini, islomiy jabhani qo`llab-quvvatlamoqda. Ya'ni O`zbekiston ichkarisida kutilayotgan voqealarga Turkiyaning ta'sir o`tkaza olish imkoniyati kuchaymoqda. Bu Turkiyada ham Turkiston da`vosida bo`lgan kuchlarning zaiflashishi, islomiy jabhaning kuchayishiga olib keladi. Bu esa kelajakdagi munosabatlarda ziddiyat chiqaruvchi vositaga aylanishi mumkin“, - deydi Safar Bekjon.

Turkiya Tashqi ishlar vazirining Toshkentdagi uchrashuvlari 25-26-aprel kunlari o`tishi rejalangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG