Breaking News

Turkiya: Radikalizm gumoni bilan tekshirilgan o'zbeklar qo'yib yuborilgan


Istanbul
Istanbul

Turkiya hukumatiga ko’ra, Istanbulda O'zbekiston va tojikistonlik muhojirlarni “Islomiy davlat” safiga qo'shishga tayyorlagan diniy markazlar fosh qilingan. 50 dan oshiq kishi, deyarli yarmi voyaga yetmagan bolalar, deyiladi rasmiy ma’lumotlarda. Huquq himoyachilarining aytishicha esa, diniy markazning “Islomiy davlat” ga aloqasi yo'q. Turkiyada yashashga hujjati bo'lmagan o’zbekistonlik qochqinlar chiqarib yuborilishi mumkin. Ishonchli manbalarga ko’ra, hibsga olingan shaxslarning aksariyati ozod qilingan.

Turkiya: O'zbek bolalarni o'qitayotgan markazlar radikalizmda ayblandi - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:58 0:00

Asosan, o’zbek muhojirlar o’qitilgan diniy markaz yopilgan. 50 dan oshiq tarbiyalanuvchilarning aksariyati o’zbekistonlik, ulardan 24 nafari balog’at yoshiga yetmagan bolalar.

Politsiyaning gumon qilishicha, islomiy markazda jangavor mashg’ulotlar ham o’tkazilgan, “Islomiy davlat” guruhi faoliyati bilan tanishtirib borilgan.

Anqarada qariyb 100 odam halok bo’lgan portlashlar ortidan yuz bergan bu voqea Turkiyada keng muhokamada.

Reyd o’tkazilgan Pendik tumanida, asosan, markaziy osiyolik muhojirlar istiqomat qiladi.

Turkiyadagi “O’zbeklar birligi” tashkiloti rahbari Adam Chevek turk matbuotiga gapirganida, diniy markaz “Islomiy davlat” ga mutlaqo aloqador emas, O’zbekistondagi diniy siyosiy tazyiqlardan qochgan muhojirlarning bolalariga islomdan saboq berib kelgan dargoh, deb aytgan.

Bu qochqinlar deportatsiya tahdidi bilan yuzlashayotgani aniq, deydi kuzatuvchilar. Turk matbuotida ayni paytda politsiyada hibsda qolayotgan o’zbek muhojirlari ro’yxati ham e’lon qilingan.

Turkiyadan qo’nim topgan o’zbekistonliklar soni bir necha o’n ming deya taxmin qilinadi. Ular orasida O’zbekistondagi diniy-siyosiy tazyiqlardan qochganlar ko’p.

Turkiyada o’zbek muhojirlari jalb qilingan jamoat tashkilotlari ko’p, ammo rasman o’zbekistonliklarning biror siyosiy tashkiloti mavjud emas.

Bir muncha avval Tukiyada “Islomiy davlat” safiga qo’shilish haqidagi ma’ruzalari bilan tanilgan o’zbekistonlik imom Abdulla Buxoriy otib ketilgan edi. Faollarga ko’ra, Abdulla Buxoriy o’ldirilishi bilan bog’liq vaziyat Turkiyada radikal qarashdagi o’zbeklar guruhi shakllanayotganini ko’rsatgan.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan yozuvchi Safar Bekjon fikricha, Turkiyada jangarilar tayyorlashga ixtisoslashgan islomiy markazlar faoliyati haqiqatga yaqin. Uning o’zi bir paytlar bu masalani ko’targani uchun tahdidga yo’liqqanini aytadi.

“Ikki yillar avval Istanbulda o’zbekistonliklarga tegishli islomiy markazlar borligi, ularning maqsadi Suriyaga jangarilar yetkazib berish ekanligi haqida yozgan edim. Shundan so’ng mingdan oshiq maktublar oldim, ularning hammasida menga nisbatan tahdid yozilgan edi. Shunday keyin men bu haqda yozmay qo’ydim. Istanbulda eski turkistonlik do’stlarim bor, ular bu haqda menga afsus bilan ma’lumot berib turishgan edi. Ammo Istanbulda o’zbekistonlik imom otib ketilganidan keyin, ular ham o’zlarini chetga olishdi. Bu narsa haligacha davom etayaotgani endi yana o’rtaga chiqayapti, ularning lageri fosh qilindi. Aslida bu narsani ikki yillar avval muhokama qilib, oldini olish, o’limga ketayotganlarning hayotini saqlab qolish mumkin edi. Ko’pchilik moddiy manfaatdorlik uchun jihodchilikni tanlayapti”, - deydi yozuvchi Safar Bekjon.

Bu ziyoli nazarida Turkiya hukumati bu masalaga ko’z yumib kelgani tufayli ham radikal markazlar faoliyati avj oldi.

“Bizning tashkilotning (O’zbekiston demokratik fondi) Turkiyadagi bo’limi bu haqda tadqiqot o’tkazgan edi. O’sha yerdagi mahallalarga borib o’zbeklar bilan gaplashgan, ko’pchilik pul uchun jihodchilikni tanlagan. Achinarlisi ular o’z vatani uchun emas Yaqin Sharqdagi qandaydir maqsadlar uchun o’lib ketishayapti”, - deydi Bekjon.

So’nggi paytda Suriyaga jihod uchun ketayotgan o’zbekistonliklar soni sezilarli oshgan, ular uchun Turkiya Suriyaga o’tishdagi asosiy yo’nalish bo’lib qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG