Mintaqadagi urush Turkiyaga qanchaga tushadi?

  • Amerika Ovozi

Suriyalik qochqinlar Turkiyada

Suriyalik qochqinlar Turkiyada

Turkiya prezidenti tanqidchilariga ko'ra, Suriyadagi fuqarolar urushi va Iroq mojarosi so’nggi to’rt yilda mamlakatga 16 milliard dollarga tushgan.

Bunga qochqinlarni joylashtirish xarajatlari, amalga oshmagan import va eksport imkoniyatlari va turizmdan tushayotgan foydaning kamayishi kiradi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anni noto’g’ri siyosat olib borishda ayblar ekan, Respublikachi xalq partiyasi (CHP) mamlakatda iqtisodiy vaziyat yomonlashganini aytadi.

Partiya chiqargan 72 betlik hisobotga ko’ra, agar hukumat boshqacha siyosat olib borganda bu moliyaviy zarar kamroq bo’lishi mumkin edi. Ammo hisobot mualliflari qanday siyosat olib borilishi kerak edi, degan savolga aniq javob bermaydi.

Hujjatni 24 nafar qonunchi tayyorlagan. Bari - sobiq tadbirkorlar yoki olimlar. Bu guruh hisob-kitoblariga ko’ra, Turkiya Suriya va Iroqdan bosh olib chiqib ketgan qochqinlar uchun 5 milliard dollar sarflagan.

Qonunchilar Gaziantep, Sanliurfa, Mardin va Hatoy shaharlarida tadqiqot o’tkazgan. 2011-2014-yillarda Suriyaga eksport hajmi 10,5 milliard dollarga teng bo’ladi, deb bashorat qilingan bo’lsa, aslida bu ko’rsatkich 4,5 milliard dollarni tashkil etgan.

Iroqqa 2014-yilda 14,2 milliard dollarga teng mahsulot sotish rejalangan bo’lsa, aslida 10,7 milliarddan oshmadi, deydi ular. Turizmdan tushgan foyda esa so’nggi to’rt yilda 1,6 milliard dollarga kamaydi.

Prezident - tanqid nishoni

Ayrim tahlilchilar hujjatda keltirilgan raqamlarga ishonmaydi. Shu yil boshida iqtisodchi Sulaymon Yashar Suriya urushi hamda “Islomiy davlat” guruhidan ziyon 12,5 milliard dollarga teng, deb hisoblagan edi.

Jahon bankining o’tgan yilgi hisobiga ko’ra, Shom, Suriya, Iroq, Misr, Turkiya, Iordaniya va Livan ko’rgan zarar jami 35 milliard dollarga teng.

AKP muxolifat taqdim etgan raqamlar va iddaolarni inkor etmoqda. Biroq hisobotni tayyorlagan CHP partiyasi rahbarlaridan Faik Oztrak deydiki, Erdog’an Suriya Prezidenti Bashar Assadga qarshi kurash boshlab, xato qildi. “Turk xalqi bu xatolarni yaxshi biladi. Qo’shnilar bilan muammolar bo’lmasin, deb oxir-oqibat qo’shnisiz qoldik”, - dedi u.

Qochqinlar – eng katta moliyaviy boshog’riq

Suriya va Iroq urushi asoratlari Turkiyaning belini bukib qo’yadi, degan xavotirlar kuchaymoqda. Ikki million qochqinga mezbonlik qilishning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari, xususan mahalliy hokimiyat zimmasiga tushayotgan qo’shimcha vazifalar, ish kuchining ko’payishi, ijara narxlarining oshishidan qator tahlilchilar ham ogohlantirgan.

“Amnesty International” (Xalqaro Amnistiya) tashkilotiga ko’ra, Turkiya va jahon hamjamiyati ajratgan moliyaviy yordam qariyb ikki million suriyalik qochqin ehtiyojining 15 foizini qoplaydi, xolos. Deyarli 325 ming suriyalik bola maktabga bormaydi.

Hisobotni tayyorlagan CHP partiyasi chegaradosh shaharlarda qishloq xo’jaligi uchun subsidiyalar ajratish, sog’liqni saqlash va ta’limga kattaroq mablag’ ajratish, arzon uy-joy qurish kerak, deydi. Nufuzli “Hurriyet” gazetasi esa “bu mablag’ kimning cho’ntagidan olinadi” degan savolni o’rtaga tashladi. Hozircha javob yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG