Turkiy-Amerika ittifoqi anjumanidan lavha


Qo’shma Shtatlar nafaqat xorijiy davlatlarga sarmoya kiritmoqda, balki chet el kompaniyalarini Amerikada biznes qilishga ham da’vat etmoqda. Vashingtondagi Turkiy-Amerika Ittifoqi qatorasiga beshinchi yil tashkil etayotgan konvensiyaga Turkiya va Markaziy Osiyodan shu maqsadda tadbirkorlar taklif etildi.

Qo’shma Shtatlar dunyodagi eng yirik bozor bo’lib, biznes yuritishga doir qonunlar va soliq tizimi xorijiy sarmoyadorlarga erkin ishlashga yordam beradi. Biroq chet el kompaniyalari Amerikada biznes qilish yo’llari bilan tanish emas. Shu maqsadda Turkiy-Amerika Ittifoqi Vashingtonda Turkiya, Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlardan kelgan ishbilarmonlar uchun biznes konvensiya tashkil etdi.

“Bu yilgi konvensiyada 15 mamlakatdan 150 tadbirkor qatnashyapti. Besh yilda beshinchi tadbirni o’tkazyapmiz. Maqsadimiz bu tadbirkorlarga Amerikadagi sarmoya muhiti haqida ma’lumot berish, bu yerdagi imkoniyatlar bilan tanishtirish”, - deydi Turkiy-Amerika Ittifoqi prezidenti Faruk Taban.

AQSh Savdo vazirligi qoshida tashkil etilgan SelectUSA dasturi orqali sarmoyadorlar Amerika bo’ylab biznes va sarmoyada ko’maklashuvchi o’nlab tashkilotlardan amaliy va texnik yordam olishi mumkin.

“Amerikada 320 million xaridor bor. Mintaqada AQSh bilan erkin savdo qilayotgan mamlakatlardagi xaridorlarni qo’shib hisoblaganda bu yana 425 million odam degani. Ya’ni sarmoyadorlar 745 million xaridorga ega bozor bilan ishlaydi. Xorijiy kompaniyalar Amerikada ishlab chiqargan mahsulotini o’z yurtidagi bozorda ham sotishi mumkin”, - deydi SelectUSA dasturi rahbari Vinay Tummalapalli.

Konvensiya ishtirokchilari orasida Markaziy Osiyodan 10-15 ta tadbirkor bo’ldi.

“Qirg’izistonda qurilish bilan shug’ullanamiz. O’tgan yili Bishkekda Qirg’iz-Amerika forumida qatnashganmiz. Bu yili Vashingtonga keldik. Har xil mamlakatlardan tadbirkorlar bilan tanishib, ularni Qirg’izistonga taklif qilmoqchimiz, birga ishlamoqchimiz”, - deydi bishkeklik tadbirkor Nurlanbek Akimov.

O’zbekistonlik Xudoyor Ortiqov Xyuston shahrida yashaydi.

"Xyustondan olti kishi kelganmiz. Kuzatuvchi sifatida qatnashyapmiz", - deydi u.

Konvensiyada Amerikaning savdo, biznes va sarmoya masalalari bilan shug’ullanuvchi davlat idoralaridan vakillar qatnashib, xorijiy tadbirkorlarga biznes qilish qoidalari, soliq tizimi va imtiyozlari, biznes viza olish va boshqa imkoniyatlar haqida ma’lumot ulashdi.

AQSh Savdo vazirligiga ko’ra, 2012-yilda bevosita xorijiy sarmoya miqdori 160 milliard dollarga teng bo’lgan bo’lsa, 2013-yilda 187,5 milliard dollarga yetdi.

XS
SM
MD
LG