Turkiya-Rossiya ziddiyati turkiy xalqlar orasidagi rishtalarni uzishi mumkin


Qozondagi masjid. Turkiya Tatariston bilan azaldan yaqin hamkor

Qozondagi masjid. Turkiya Tatariston bilan azaldan yaqin hamkor

Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Tatariston, Boshqirdiston va boshqa turkiy respublikalarga "TURKSOY" tashkiloti bilan aloqalarni to’xtatish buyurilgan. Turkiy xalqlarning o’zaro madaniy aloqalari bilan shug'ullanib kelayotgan guruh Rossiya va Turkiya o’rtasidagi ziddiyatlar ketidan nishonga olinmoqda. Turkiy xalqlar orasidagi rishtalar siyosiy kelishmovchilik qurboni bo’lishi mumkin.

Tatariston poytaxti turkiy dunyoning 2014-yildagi markazi sifatida e’lon qilingan. Qozon TURKSOY tomonidan o’tkazilayotgan bir qator tadbirlarga, jumladan, turkiy tilli jurnalistlar uyushmasi qurultoyiga ham mehmonlik qilgan edi.

Tatar matbuotiga ko’ra, Moskva buyrug’I aholi orasida jiddiy norozilikk uyg’otgan. Respublikadagi taniqli blogger Rafael Hakimovning yozishicha, Turkiya Tatariston uchun muhim hamkor. Aloqalarni uzish mumkin emas. Harbiy mojaroni siyosatchilar hal etishi kerak, xalqlar emas, deydi u.

Moskva va Anqara o’rtasidagi ziddiyat nafaqat muxtor respublikalar, balki Rossiya bilan yaqin hamkorlik qilib kelayotgan boshqa turkiy davlatlarda ham xavotirni kuchaytirgan.

Qozog’iston va Ozarbayjon prezidentlari tomonlarni murosa yo’lini tanlashga chaqirmoqda. Turkiya-Rossiya ziddiyati ayniqsa, Moskva bilan harbiy va iqtisodiy ittifoqda bo’lgan Qozog’istonni chigal vaziyatga qo’ymoqda.

Prezident Nursulton Nazarboyev - turkiy davlatlar hamkorligi tashabbuschisi bo’lsa, TURKSOY Bosh kotibi ham qozog’istonlik olim Dusen Kasainov.

“Qozog’iston jamoatchiligi hukumatdan farqli ravishda asosan Turkiya pozitsiyasini quvvatlamoqda. Biz Rossiya samolyoti chegarani buzib kirgani uchun urib tushirilgan deb hisoblaymiz. Albatta Rossiya qo’llagan saknsiylardan uning ittifoqchisi bo’lgan Qozog’iston ham jabr ko’radi”,- deydi qozoq muxolifati faollaridan Aydos Sodiqov.

“Biz hozir, hukumat baribir Rossiya sanksiylariga qo’shilishi mumkin degan fikrdamiz, ammo jamoatchilik boshqacha o’ylaydi. Biz hammamiz turkiy xalqlarmiz, tarixan Turkiya bizga Rossiyadan ko’ra yaqin. Shuning uchun Qozog’iston hukumati hozir murakkam tanlov oldida qolgan, jamoatchilik fikriga quloq tutsinmi yoki o’z ittifoqchisi Moskvani qo’llab quvvatlasinmi”, deydi Sodiqov.

Norvegiyada siyosiy qochqinlikda yashayotgan o’zbek yozuvchisi Safar Bekjon nazarida turkiy xalqlar orasidagi aloqalar Moskvaga hech qachon yoqmagan.

“Bu samolyot urib tushirilishi bo’lmagan taqdirda ham navbat TURKSOYga kelayotgan edi. Bu haqda men turk matbuotiga yozgan ham edim. Negaki, Rossiya tashqaridan moliyalangan har qanday ijtimoiy loyihalarni to’xtatishni boshladi. TURKSOY Turkiya tashkiloti, asosan tarixiy yodgorliklarni tiklash, madaniy va ilmiy tadbirlarni o’tkazish bilan shug’ullanib keladi. Uning biror siyosiy maqsadi yo’q. Rossiya anchadan buyon bu kabish tashkilotlarni tekshirish, maxsus xizmatlarga bo’ysindirish yoki mutlaqo yopish bilan shug’ullanayapti”, - deydi yozuvchi.

Bekjon fikricha Prezident Vladimir Putin muxtor respublikalardagi jamoatchilikka emas, o’z siyosiy ambitsiyalariga suyangan holda ish tutadi.

“U yerdagi siyosiy kuchlar Rossiyaning kadrlari, buni ular yaxshi bilishadi. Tatariston, Boshqirdiston mustaqilligini talab qilayotganlar esa ijtimoiy kuchlar. Boshqaruvda faqat Rossiya kadrlari, shuning uchun ham Rossiya bundan qo’rqmaydi. Ammo xalq, ziyolilar, ijtimoiy kuch mustaqilik talab qilishi, norozilik o’tkazishi, turkchilik qilib qo’yishi mumkin. Shuning uchun, ularni qo’rqitib tahlikaga solish uchun Turkiyadan bahona sifatida foydalanayapti. Aslini olganda bugungi Turkiya turkchilikdan, Turkiston g’oyasidan uzoq bir davlatga aylangan”, - deydi Safar Bekjon.

Turkiya chegarani buzib o’tdi deya Rossiya harbiy samolyotini urib tushirishi, uchuvchilardan birining o’limi Moskvaning keskin noroziligiga sabab bo’ldi. Rossiya Anqara iddaolarini rad etib, Turkiyani “Islomiy davlat” ni zimdan quvvatlayotganlikda ayblaydi. Anqara buni inkor etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG