Turkiy xalqlar uchun mo'ljallangan umumiy telekanal yaqin orada o'z faoliyatini boshlashi mumkin. Bu haqda 11-sentabr kuni Ostonada o'tgan turkiy davlatlar sammitida kelishib olingan.

Telekanal qozoq, qirg'iz, turk va ozar tillarida efirga chiqadi. O'zbekiston bu sammitdan ham, turkiy davlatlar integratsiyasidan ham chetda qolmoqda.

Turkiy xalqlarning Ostonadagi beshinchi sammitida Qozog'iston, Qirg'iziston, Ozarbayjon mamlakatlari prezidentlari, Turkiya parlamenti raisi hamda kuzatuvchi maqomida Turkmaniston bosh vaziri o'rinbosari ishtirok etdi.

Yig'inda turkiy davlatlar integratsiyasida muhim bo'g'in sifatida e'tirof etilgan matbuot hamkorligini kuchaytirish, maxsus axborot vositalarini tashkil etish muhokama qilingan. Shu maqsadda O'rtaturk telekanalini ishga tushirishga qaror qilingan.

Prezident Nursulton Nazarboyevga ko'ra, bunday telekanal turli geografik nuqtalarda yashayotgan xalqlarni o'zaro yaqinlashtrish uchun juda muhim.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning aytishicha, O'rtaturk televideniyesini yaratish bo'yicha muzokaralar bir necha yil davom etgan. Telekanal turk xalqlari madaniyatini taqdim etishdan tashqari, bu davlatlarning bugungi siyosatini ham xalqqa yetkazadi.

“Ishonamanki, O'rtaturk telekanali tez fursatlarda xalqaro miqyosga ko'tariladi, katta qiziqishga sabab bo'ladi. Axborot xavfsizligi muhim o'ringa chiqayotgan bugungi dunyoda siyosatimizni aks ettiruvchi muhim manbaga aylanadi", - deydi Aliyev.

Yangi telekanal qachon va qanday shaklda ish boshlashi hozircha ma'lum emas.

Turkiy davlatlar hamkorlik ittifoqining Bosh kotibi Ravil Gasanov “Yevronyus” formatida ish boshlashi kutilayotgan bu kanal turk, ozar, qozoq va qirg'iz tillarida efirga chiqishi rejalanayotganini aytgan.

Turkiy davlatlar sammitida boshqa mintaqaviy masalalar, xalqaro miqyosdagi voqeliklar yuzasidan ham fikr almashilgan. Nazarboyev xalqaro maydonda turkiy davlatlar tomonidan xavotir bilan qabul qilinayotgan muammolarni sanab o'tgan.

“Biz Suriyada, Iroqda, Liviyada tezroq barqarorlik o'rnatilishini xohlaymiz. Falastin va Isroil o'rtasidagi mojaro barham topishi kerak, Afg'onistonda tinchlik qaror topishi kerak, biz bir mintaqadagi xalqlarmiz. Ekstremizm, terrorizm, radikalizm kabi holatlarga qarshi kurashish uchun esa hamkorlikdagi choralarni ishlab chiqishimiz kerak”, - deydi Qozog'iston prezidenti.

Sammit ishtirokchilari o'zaro axborot almashish, axborot sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish mavzusida bir necha hujjat imzolagan..

Turk davlatlari hamkorligi ittifoqiga Turkiya, Ozarboyjon, Qozog'iston, Qirg'iziston a'zo. Turkmaniston va O'zbekiston bu ittifoqdan chetda. Turkmaniston yaqindan tashkilotda kuzatuvchi maqomida ishtirok etib kelmoqda. O'zbekiston esa integratsiyaga oid hech bir loyihaga qo'shilmagan.

Turkiston, turkiy birlik beshigi sifatida ko'rib kelingan O'zbekiston nima sababdan turkiy davlatlar ittifoqiga qo'shilmay kelayotgani yuzasidan biror rasmiy izoh mavjud emas.

Norasmiy qarashlar esa buni mamlakat rahbari Islom Karimovning shaxsi, qo'shnilar bilan saqlanib qolayotgan tarang aloqalar, shuningdek, ittifoqdagi yetakchi davlatlardan biri Turkiya bilan mojaroli munosabatlarga bog'liq ko'rishadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG