Turkiya kurd isyonchilariga qarshi qaqshatqich hujumga o'tdi

  • Amerika Ovozi

Turkiya armiyasi kurd isyonchilariga qarshi misli ko'rilmagan kampaniya boshladi. Mamlakatning asosan kurdlar yashaydigan viloyat, shaharlarida olishuvlar kuchaymoqda.

Biroq askarlar orasida talafotlar oshgani sari hukumat va harbiylar orasi tarang. Taraflar olishuv usullari yuzasidan kelisha olmayapti.

Turkiya qurolli kuchlari sobiq rahbari Yasar Buyukanit askarlar orasida o'lim, Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi kurash usulini tanqid qilar ekan, Mudofaa vaziri Fikri Isik uni eshitib o'tirmadi. Joyingni bilib, jim o'tir, qabilida so'zini kesdi.

Sobiq harbiy Handun Solmazturk bu ixtilofda 40 yil suyagi qotgan. Uning aytishicha, bugun olishuvlar misli ko'rilmagan darajada kuchaygan.

"Armiya shahar va qishloqlarni qatorasiga nishonga olayapti. Avvallari harbiylar aholi yashaydigan manzillarga kirmas edi", - deydi u.

Rasmiy hisoblarga ko'ra, o'tgan yili kurdlar bilan sulh kuchini yo'qotdi-yu, shundan beri to'qnashuvlarda 900 dan ziyod askar jon berdi. Qariyb uch ming nafari jarohatlangan.

Oxirgi haftalargacha olishuvlar faqat chekka joylarda amalga oshirilayotgan edi. Kurdiston ishchilar partiyasi chekka qishloq, shaharlarni o'ziniki qilib, muxtoriyat e'lon qilish niyatini yashirmay keladi.

Hukumat hududlarni kuch bilan tortib olishga o'tar ekan, armiya qiyin ahvolda qolgan, deydi tahlilchi Qadri Gursel.

"Isyonchilar va oddiy aholi kim ekanini ajratish qiyin. Turkiya armiyasi og'ir artilleriya yordamida o'qqa tutayotgan hududlarga bir qarang. Bu tumanlar kurdlarga xayrixoh", - deydi u.

Iste'fodagi harbiy Solmazturkning aytishicha, mojaro armiyaning sillasini quritmoqda.

Bosh vazir Binali Yildirim so'zlariga ko'ra, Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi habriy amaliyotlar sekin-asta nihoyasiga yetmoqda.

Biroq joriy haftaning o'zida armiya 25 qishloq va shaharda komendant soati joriy etgan va shiddatli harbiy amaliyotlarga hozirlik ko'rilayapti.

Prezident Rajab Toyib Erdog'an esa barcha isyonchilar yo'q qilinmaguncha, olishuvlar davom etadi, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG