Turkiya Bosh vaziri abortga qarshi

  • Amerika Ovozi

Turkiya Bosh vaziri Toyib Erdog'an tarafdorlari qarshisida nutq so'zlamoqda.

Turkiya Bosh vaziri Toyib Erdog'an tarafdorlari qarshisida nutq so'zlamoqda.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an abortni cheklash haqida gapirgach, ayollar huquqlari faollarining keskin noroziligiga sabab bo’ldi. Agar Erdog’an tashabbusi amalga oshsa, Turkiyada bu amaliyot taqiqlanishi mumkin.

Hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasining futbol stadionida o’tgan qurultoyida Erdog’an abortni cheklash haqida gapirdi. Shundan so’ng bosh vazirning Istanbuldagi idorasi oldida yuzlab ayollar namoyishga chiqdi.

Erdog’anning aytishicha, hech kim abort qilishga ruxsat bermasligi kerak. Bolani ona qornida o’ldirish uni tug’ilgandan keyin o’ldirish bilan barobar, shuning uchun biz bu amaliyotga qarshi kurashishimiz kerak, dedi Turkiya rahbari.

Istanbul

Istanbul

Turkiyada homiladorlikning dastlabki 10 haftasida abort qilishga ruxsat beriladi. Agar homila ona sog’lig’i uchun xavf tug’dirsa, 10 haftadan keyin ham abort qilish mumkin. Oilali ayollar abort uchun turmush o’rtog’ining ruxsatini olishi kerak. Sog’liq uchun xavfli holatlar bundan mustasno.

Erdog’an tibbiy jihatdan majburiy bo’lmagan barcha abortlarni taqiqlash tarafdori. Shuningdek, u jarrohlik yo’li bilan tug’ish amaliyotiga ham chek qo’ymoqchi. Erdog’anga ko’ra, jarrohlik yo’li bilan tug’ish mamlakat aholisi sonini cheklashdan boshqa narsa emas. Chunki bu usul bilan tuqqan ayollar, odatda, ikkitadan ko’p farzand ko’ra olmaydi, deydi u.

Turkiyaning Ayollar huquqlari uchun tashkiloti vakili Pinar Ilkkarajanning aytishicha, abort qilish huquqi xavf ostida.

“Qonunda taklif etilayotgan o’zgarishlarga ko’ra, homilaning ilk to’rt haftasigacha, shunda ham tibbiy zarurat bo’lsagina abortga ruxsat beriladi. Ammo bu kulgili holat. Aksariyat ayollar dastlabki to’rt haftada hatto homilador ekanini ham payqamaydi. Biz yaxshi bilamiz, bundan keyin noqonuniy abort qilish boshlanadi, uni nazorat etib bo’lmaydi. Agar abort amaliyoti noqonuniy deb e’lon qilinsa, uni sog’liq uchun xavfli sharoitlarda qilishga o’tishadi. Natijada har yili xavfli abortlardan minglab ayollar nobud bo’ladi”, - deydi ayollar huquqlari faoli.

Oilaviy zo'ravonlikdan dod deb ko'chaga chiqqan turk ayollari, Anqara

Oilaviy zo'ravonlikdan dod deb ko'chaga chiqqan turk ayollari, Anqara

Abortga oid hozirgi qonun 1983-yil Turkiyani boshqargan harbiy hukumat tomonidan, noqonuniy abort natijasida sodir bo’layotgan ayollar o’limini kamaytirish maqsadida qabul qilingan. 2009-yildan 2011-yilgacha mamlakatda abortlar soni 60 mingdan 70 mingga ko’paygan. Istanbulda bosh vazir gaplaridan norozi ayollar ko’p.

“Bu masala bilan ayollar yoki doktorlar shug’ullanishi kerak. Bosh vazirning ishimas bu. U faqat jamiyatni o’zgartirishga urinyapti”, deydi istanbullik bir ayol.

Hijob kiygan boshqa bir ayol esa abortni taqiqlash masalasida hali bir qarorga kelmaganini aytadi.

“To’g’ri, u haq. Abort ba’zan bolani o’ldirish bilan teng. Lekin ayrim holatlarda yosh ayollar abort qildira olmagani uchun o’z joniga qasd qilishi mumkin” deydi u.

“Taraf” gazetasi muharriri Yasmin Chongarning aytishicha, Erdog’an bu ishni partiyasining islomiy tarafdorlari e’tiborini qozonish maqsadida amalga oshirmoqda. Buning oqibati mamlakat uchun yaxshi bo’lmasligidan xavotirdaman, deydi Chongar.

“Erdog’an abort masalasidan siyosiy maqsadda foydalanyapti. Bu bilan u ko’proq ovoz yig’moqchi. Bosh vazir masalaning dindor musulmonlar va dunyoviy ayollar o’rtasidagi to’qnashuv nuqtasi ekanini biladi. Endi esa buni kuchaytirishi mumkin. Erdog’an juda ham xavfli vaziyat va nosog’lom taomil yaratyapti. Abort taqiqlangan davlatda ularning soni kamaymaydi. Faqat o’lim hollari ko’payishi mumkin”, - deydi Yasmin.

Ayollar huquqlari guruhlari hamda parlamentdagi asosiy muxolif partiya abortga oid qonunni o’zgartirishga bo’lgan har qanday urinishga qarshi kurashishga va’da bermoqda. Ammo parlamentda ko’pchilik tarafdorlarga ega bosh vazir islohotlari jiddiy qarshiliksiz qabul qilinishi aniq. Tanqidchilar fikricha bunday islohotlar jamiyatning yanada bo’linishiga xizmat qiladi, xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG