Breaking News

Berdimuhammedovning Turkmanistoni amerikalik mutaxassis nigohida


Ashgabat, Turkmaniston (suratni bossangiz, kattashadi)
Ashgabat, Turkmaniston (suratni bossangiz, kattashadi)
Bir necha yil Turkmanistonda yashagan amerikalik mutaxassis nazarida mamlakat bugun ancha oldinga siljigan, ayniqsa iqtisodiy jabhada. Lekin bu hukumat da’vo qilganidek, islohotlar mahsuli emas balki tabiiy gazga talab oshgani bilan bog’liq. Turkmaniston hamon dunyodagi eng yopiq va ezilgan jamiyatlardan biri, deydi Mayls Smit (Myles G. Smith), mustaqil tahlilchi, Jorj Vashington universitetida kechgan davra suhbatida.

Berdimuhammedovning Turkmanistoni - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:29 0:00
Yuklab oling

16 yil davomida, 1990-2006 yillar orasida, Turkmaniston Saparmurod Niyozovniki edi, u vafot etganidan beri Qurbonguli Berdimuhammedovniki. Hokimiyatga kelgan odam bu yurtni o’zining mulki, boyligi deb biladi. Berdimuhammedovning prezidentlikka qanday tanlangani shu kungacha ham mavhum bir kitob, lekin shunisi aniqki, u yetti yil davomida Niyozovga sodiq xizmat qilib bergan, sog’liqni saqlash vaziri sifatida. Turkmanistonda vazirlar aksariyat hollarda yo qamaladi yo g’oyib bo’ladi.

2007-2009-yillarda Ashgabatda AQSh moliyalagan ta'limiy loyihalarni yurtigan Mayls Smit Turkmanistonga hali ham borib turadi. Tuzum tabiatini izohlar ekan, u oddiy bir sxemani ko’rsatadi. Eng yuqorida prezident, undan keyin uning uch maslahatchisi, keyin xorijiy bizneslar, undan keyin esa vazirlar. Vazirlar yonida strelka, u qamoqxonaga yetaklaydi. Deyarli har bir muammoda asosiy javobgarlik vazirlar bo’ynida va shu kungacha ular o’nlab sonda panjara ortida o’tiribdi, deydi Mayls Smit.

Inson huquqlari tashkilotlari to’plagan ma’lumotlar shundan dalolat beradiki, vazirlarga ko’p hollarda tuzumga qarshi tahdid, qoradori savdosi va korrupsiya ayblari qo’yiladi. G’arb bosimi ostida ayrim vazirlar sog’lig’i og’irligi tufayli turmadan chiqarilgan paytlar bo’lgan, masalan 2012-yilda sobiq madaniyat vaziri Geldimurod Nurmuhammedov qo’yib yuborilgan.

Umuman olganda, 2006-yilning oxirida Turkmanistonda rahbar o’zgarganida nafaqat mamlakat bo’ylab, balki tashqi dunyoda ham odamlar o’zgarishlar davri keldi deya umidga to’lgan edi. Berdimuhammedov prezidentligining birinchi olti oyida Niyozov joriy etgan ayrim qonun-qoidalarni bekor qildi. Ta’lim, sog’liqni saqlash va madaniyat sohasiga qo’yilgan cheklovlar olib tashlandi. O’rta maktab 12 yillik bo’ldi. Qishloq joylarida ham klinikalar ochildi. Teatr va kino san’ati jonlana boshladi. Fuqarolar endi xorijga chiqish uchun hukumatdan alohida ruxsat olmaydi, ammo biror sabab bilan qora ro’yxatga tushgan bo’lsangiz, holingiz voy.

Turkmaniston gazining asosiy xaridori Xitoy. Ashgabat pozitsiyasi shuki, Yevropa va Rossiya undan zarur mahsulot olishni eplolmadi, Xitoy buning uddasidan chiqdi. Turkman gazi quvur yotqizib, uning og’zini Turkmaniston zaxirasiga olib kelganniki, deya sharhlaydi Mayls Smit.

Turkmaniston iqtisodi aynan gaz bilan bog’liq va boshqa sohalarda taraqqyot juda sust. Jahon Banki hisobicha, bugun kishi boshiga yillik daromad 3500 dollar. Oldingiga qaraganda ancha o’sgan. Odamlar ko’proq mahsulot sotib olmoqda. Kiyim-kechak, oziq-ovqat, avtomobil bozori chaqqon. Lekin hukumat fuqarolarga haddan tashqari dabdabali kiyinish, qimmat mashina haydash yoki masalan qasrlarda yashashga ruxsat bermaydi. Kamtarlik turkmanlarga xos odat, deyiladi rasmiy bayonotlarda.

Prezidentni qutlayotgan talabalar (suratning ustiga bossangiz, kattalashadi)
Prezidentni qutlayotgan talabalar (suratning ustiga bossangiz, kattalashadi)
Mayls Smit tahlilicha, Niyozov o’zidan va rus-yahudiy kelib chiqishiga ega uch maslahatchisi – Viktor Xramov, Aleksander Jadan va Viktor Umnovdan boshqa hech kimga ishonmagan. O’g’li Murod va rafiqasi Muza Rossiyada edi. Niyozov doimiy vasvasa, qo’rqinchda yashagan. Hatto o’z o’g’liga ham ishonmagan.

To’rt farzandli Berdimuhammedov esa hokimiyatini mustahkamlar ekan, nafaqat oilasi va qarindoshlari balki tug’ilib o’sgan Ahal viloyatining Go’k Tepe tumanidan tanish-bilishlariga ham katta idoralar va bizneslarni berib qo’ygan. Ashgabatda yuradigan “777” nomeri bor avtomobillar prezident urug’lariniki va bu mamlakatda hammaga oydek ravshan, deydi Smit.

Berdimuhammedovning o’ziga ishonchi baland. “Shoshmay boradigan joyga yugurmasa ham bo’ladi”,- degan gapi bor uning. Bu bilan u Turkmaniston asta, qadamma-qadam rivojlanadi, isloh qilinadi, demoqchi.

Jadan va Umnov Berdimuhammedovning ham yaqin maslakdoshlari, Xramov esa iste’foga chiqib ketgan.

Avaza shahridagi dam olish maskanida (suratning ustiga bossangiz, kattalashadi)
Avaza shahridagi dam olish maskanida (suratning ustiga bossangiz, kattalashadi)
Bugun Turkmanistonda omma asosan ta’lim sifati pastligidan noliydi. Boshqa sohalarda jamoatchilikdan deyarli shikoyat eshitmaysiz. Huquq va erkinlik bobida hatto o’ylashga ham qo’rqishadi, deydi Mayls Smit.

Berdimuhammedov qora bozorni yo’q qilgan. Valyutani bankdan olasiz, zarur mahsulotni do’konlardan, u yerda bo’lmasa, demak, sotilmaydigan tovar.

Internet bo’yicha Turkmaniston eng sekin va qimmat mamlakatlardan biri.

Axborot vositalari deganda davlat televideniye va radiosi hamda gazeta-jurnallari tushuniladi. Xorijiy jurnalistlarga darvoza berk. Axborot oqimi cheklangan ekan, turkman xalqi dunyo, dunyo esa bu mamlakatdagi vaziyat haqida juda oz biladi.

Ashgabat, Turkmaniston (suratning ustiga bossangiz, kattalashadi)
Ashgabat, Turkmaniston (suratning ustiga bossangiz, kattalashadi)
Turkmanistonda nohukumat degan tushunchaning o’zi yo’q, deydi Mayls Smit. Fuqaro jamiyati desangiz, ko’pchilik bu nima, deb so’raydi. Chunki hamma narsa hukumat qaramog’ida va mustaqil faoliyat jinoyatchilik sifatida ko’riladi.

Hukumat qurilishlarga zo’r bergan. Ashgabat deyarli qayta qurilgan. Ulkan turar-joylar, ma’muriy binolar, yo’llar, vokzallar va markazlar. Bunyodkorlik loyihalari asosan turk biznezlariga tegadi. Masalan “Polimeks” kompaniyasi ishi.

Ko’p narsa xo’jako’rsinga, deydi Mayls Smit. “Qizig’i, shahar gavjum emas. 12 yo’lakli trassalarda mashina ko’rmaysiz. Keng ko’chalar bo’sh. Imoratlarda ham shunga guvohsiz. Talab bormikan shunday bahaybat saroyu inshootlarga deb o’ylaysiz”.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG