Turkmanistonda tekin gazning davri o'tdimi?

  • Amerika Ovozi

Avaza shahridagi dam olish maskanida

Avaza shahridagi dam olish maskanida

Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov qaroriga ko’ra, endi har bir xonadonda ishlatilayotgan tabiiy gaz miqdori o’lchab boriladi va fuqaro mahsulot uchun haq to’laydi.

Shu paytgacha mamlakatda tabiiy gaz tekin va ta’minot cheksiz edi. Bugun davlat televideniyesida ko’rsatilgan bayonotida, prezident yurtdoshlarini bu boylikni ayab ishlatishga undadi. Fuqaro gaz uchun qachondan haq to’lay boshlaydi va qancha to’laydi, bu hozircha e’lon qilinmagan.

Tabiiy gaz zaxiralari bo’yicha dunyoda to’rtinchi o’rinda turadigan Turkmaniston uchun bu boylikni eksport qilish prioritet deb belgilangan va tashqi siyosatdagi muhim omil hisoblanadi.

Gaz qatorida elektr toki va suv fuqarolar uchun 1993-yildan beri bepul.

Berdimuhammedov 2006-yilda prezidentlikka kelganida bu siyosatni 2030-yilgacha davom ettirishga azm etgan va parlament buni ma’qullagan.

Besh million aholiga ega mamlakatda hukumat fuqaro tomonidan savolga tutilmaydi, mustaqil matbuot va muxolifatga toqat yo’q. Berdimuhammedov prezidentlikka 2012-yilda 97 foiz ovoz bilan qayta saylangan.

2013-yilning oktabr oyida o’tgan anjumanda Turkmaniston hukumati rasmiylari tabiiy gaz fuqaro uchun bepul ekani davlatga har yili 5 million dollarga tushadi deb aytgan edi.

Berdimuhammedov bugungi nutqida shunga urg’u berdiki, talab va ta’minotga e’tibor bermaslik har tomonlama xato va hukumat bu mahsulot xalqqa qimmatga tushmasligi uchun barcha chorani ko’radi.

Turkman gazining asosiy xaridori Xitoy va Pekin uchun bu davlat gazning asosiy ta'minotchisi. 2020-yilgacha Ashgabat bu davlatga yiliga 65 milliard kubometr gaz uzatishni rejalashtirgan. Hozirda esa yiliga 25 milliard kubometr sotadi. Turkmaniston yalpi milliy mahsulotining yarmidan oshig'i tabiiy gazdan tushadigan daromadga to'g'ri keladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG