Breaking News

Turkmaniston, Rossiya ikki fuqarolik masalasini hal qilgan ko’rinadi


Prezident Vladimir Putinning Ashgabatga safari arafasida Turkmanistonda ikki fuqarolik masalasi yechim topa boshlagan. Anchadan buyon Rossiya va Turkmaniston o’rtasida bahsga sababchi bu masalada Kreml bosimi samara bergani ta’kidlanmoqda.

Turkman faollarining aytishicha, Berdimuhammedov uchun Rossiya fuqaroligiga ega turkmanistonliklarga yangi biometrik pasport berish qarori oson kechmagan.

Avval Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ashgabatda muzokara o’tkazgan, keyin Putin shu mavzuda Berdimuhammedov bilan bog’langan. Ayni paytda Rossiya fuqarolariga Turkmaniston pasportlari berila boshlangan.

Turkmaniston, Rossiya ikki fuqarolik masalasini hal qilganday/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:40 0:00
Yuklab oling

Xorijda yashayotgan yozuvchi Ak Velsaparning aytishicha, Moskva va Ashgabat uchun ikki fuqarolikka ega odamlar taqdiri uzoq yillar ahamiyatsiz edi, ammo siyosiy manfaatlar masala yechimiga turtki bergan.

“Odamlarning hissiyoti, or-nomusi anchadan buyon ikki davlat o’rtasida savdoning qurboni bo’lib keldi. Nihoyat Berdimuhammedov Kreml bosimlariga yon berishga majbur bo’ldi. Agar bu uning o’ziga bog’liq bo’lganda, allaqachon hal etilar, ikki fuqarolikka ega odamlar qo’rqitilmas, tazyiqlarga olinmasdi”, - deydi Velsapar.

Turkmaniston mintaqada ikki fuqarolik to’g’risidagi qonunga ega yagona mamlakat. Rossiya fuqaroligini qabul qilganlar soni 100 mingdan oshiq ekani aytiladi.

Bu aholi bugunga qadar Turkmaniston yoki Rossiya fuqaroligidan voz kechishni tanlashi kerak edi. Ak Velsaparning aytishicha, Niyozov davrida qabul qilingan va ikki fuqarolikka doir qaror uning Moskvaga sodiqligini ifodalagan.

“Saparmurod Niyozov bu bilan Kremlga “men sizga sodiqman, har doim menga ishonishingiz mumkin” demoqchi edi. Umuman, Niyozov o’ta malakasiz, uzoqni ko’zlab emas, balki hozir, shu damdagi manaaf uchun hamma narsaga tayyor rahbar sifatida iz qoldirdi. Buni ikki fuqarolik instituti mintaqa davlatlari ichida faqat Turkmanistonda joriy etilganida ham ko’rish mumkin”, - deydi suhbatdosh.

Niyozovdan keyin hokimiyatga kelgan Berdimuhammedov ham avtoritar boshqaruv va diktaturadan voz kechmadi.

Mamlakat mutlaq yopiq qolar ekan, 100 mingga yaqin odam (ham rus, ham turkman pasporti borlar) Berdimuhammedov uchun katta xavf sifatida ko’rildi.

“Berdimuhammedov ham mintaqaning boshqa rahbarlari kabi o’zini Turkmanistonning xoni deb biladi. So’z erkinligi yo’q, hokimiyat vakolatlari ishlamagan joyda prezident bo’lishi mumkin emas. Berdimuhammedov o’z ruxsatisiz aholining ma’lum qismi Rossiya va Turkmaniston o’rtasida erkin qatnashidan xavotirda, shuning uchun bu masalani havoda osib keldi. Ammo Rossiya miqyosidagi boshqa kuchliroq xon - Putin unga o’z bosimini o’tkazdi, natijani esa ko’rayapmiz”, - deydi Velsapar.

Uningcha, bu qaror ortida inson huquqlari himoyasi emas, balki siyosiy maqsadlar ham yotgani aniq.

“Turkmanistonda 100 mingga yaqin odam Rossiya fuqarolari ekan, istalgan paytda, bu, Putin bo’ladimi yoki undan keyingi boshqa bir xon bo’ladimi, biznikilarni haq-huquqi poymol qilinayapti, degan bahona bilan kichik xonlarga shunday bosim ko’rsatishi mumkinki, ular o’zlarini qo’ygani joy topolmay qoladi”, - deydi adib.

Rossiya va Turkmaniston masalaga doir bitimni sobiq ittifoq qulashidan biroz o’tib, 1993-yilda imzolagan.

Marhum Niyozovga uyushtrilgan suiqasddan biroz o’tib, 2003-yilda Turkmaniston bu bitimdan chiqdi.

2008-yilda Turkmaniston konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatish ikki fuqarolikni taqiqladi. Bundaylar Rossiya yoki Turkmanistonni tanlashi kerak bo’lib qoldi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG