Obamaning Yaqin Sharq safariga arab dunyosida munosabat qanday?

  • Amerika Ovozi

Kelasi hafta AQSh prezidenti Barak Obama Yaqin Sharqqa boradi. Bundan to’rt yil avval, Obama prezidentlikning ilk oylarida, mintaqaga safar qilganida AQSh va Arab dunyosi o’rtasidagi munosabatlarda yangi bosqich boshlanadi, degan ishonch yuqori edi. Biroq umidlar oqlanmadi. Bu safargi tashrifdan ko’pchilik katta natija kutmayapti.

Bundan to’rt yil avval Barak Obama Qohiraga borganida mahalliy aholi uni Afrika o’g’loni, Hussayn ismli odam zurriyoti sifatida qabul qilgan edi. Mintaqa ahlida Obama Amerikaning islomiy dunyo bilan aloqalarini yaxshilashiga ishonch yuqori edi. Obama Qohira universiteti minbaridan turib so’zlagan nutqini arab tilida, musulmoncha salom bilan boshlagan.

Tinglovchilar orasida sobiq razvedka xizmati generali Samiy Saif al Yazal ham bor edi. U Obamani ko’rib, “Bu safar yaxshi bo’ladi”, deb o’ylaganini, ammo ko’p o’tmay hafsalasi pir bo’lganini aytadi.

“Umidlar juda katta edi. Lekin hozirgi natijaga qarasangiz, albatta, umidlar oqlanmaganini tushunasiz”, - deydi u.

Umidlarning puchga chiqishi sabablaridan biri Obamaning Arab bahoriga sust munosabati bo’ldi. Masalan, Misrda AQShning uzoq hamkori Husni Muborakka qarshi namoyishlar boshlanganida, AQSh prezidenti inqilobni darhol qo’llab-quvvatlashga shoshilmadi. Yangi hokimiyat o’rnatilganidan buyon ham mamlakatga iqtisodiy yordam ko’rsatishga shoshilmayapti.

Qohiralik bir fuqaroning aytishicha, AQSh va Yevropa diktarotlarga yordam berib kelganmi, demak endi xalqqa yordam berishi kerak.

Al Yazalga ko’ra, AQSh ilgari yakka hokimlarni quvvatlagani uchun, mintaqa aholisi nazarida, hozir ham Obama xalq haqida emas, rahbarlar haqida qayg’urmoqda.

“Amerikaliklar Misr rahbariyati bilan hamkorlik qilyapti. Inqilobni boshdan kechirgan boshqa mamlakatlarda ham shunday. Xalq haqida o’ylamaydi, degan fikr bor mahalliy aholi orasida”, - deydi sobiq rasmiy.

Masalan, Yaman hukumati bilan yaqin hamkorlik doirasida AQSh terrorchilarga qarshi havo hujumlari uyushtirib turadi. Biroq bunday hujumlar oqibatida tinch aholi nobud bo’layotgani bilan ishi yo’q, deydi ayrim yamanliklar.

Bunday tanqidiy fikrlarga qaramay, Obama mintaqada AQShning harbiy rolini kamaytirgani uchun hurmat qozongan. Qohiradagi Amerika universiteti professori Kristian Donat AQShning mintaqadagi siyosatini to’g’ri deb hisoblaydi.

“Obama ma’muriyati Suriyaga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Bu juda to’g’ri. Chunki Suriyada bir nechta taraf manfaatlari to’qnashgan. Shuning uchun hozirda Amerika e’tiborni gumanitar inqirozga qaratishi lozim”, - deydi u.

Professor Donat fikricha, gumanitar inqirozni hal etish va mahalliy aholiga iqtisodiy yordam ko’rsatish orqali AQSh mintaqada obro’sini qayta tiklashi mumkin. Biroq bir narsani esdan chiqarmaylik, Amerikaning mintaqadagi imijini belgilab beruvchi eng muhim omil - uning Isroil bilan munosabatlari, deydi professor. Safari chog’ida Obama asosiy e’tiborni aynan Isroilga qaratadi.

“AQSh uchun mintaqa aholisi bilan aloqalarni yaxshilash oson bo’lmaydi. Bu shubhasiz. Isroil masalasini ko’tarmay turib, buning iloji yo’q,” – deydi professor Donat.

Obama Isroil va Falastin o’rtasidagi tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga muvaffaq bo’lsa ham, mintaqadagi vaziyatning tez orada o’zgarishiga umid yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG