AQSh Uganda va Somalida jangarilarga qarshi kurashda yordamni oshirmoqda

  • Amerika Ovozi

Uganda poytaxti Kampalada portlashga ulgurmagan bomba topilgan. Yakshanba kuni bu shaharning ikki gavjum nuqtasida sodir etilgan xurujda 74 kishi halok bo’lgan edi. Navbahor, tekshiruv ishlarida Uganda davlat organlariga AQSh maxsus agentlari va ekspertlari yordamlashmoqda.

Federal Tekshiruv Byurosi hozir u yerga maxsus missiya jo’natgan. Portlashlarda Somalida asoslangan va bu mamlakatning katta qismini idora etayotgan al-Shabab jangari guruhi ayblanmoqda. Bu to’da hujum ularning ishi ekanini tan olib, Ugandani hali yanada qonli kunlar kutmoqda deya ogohlantirgan. Sabab esa oddiy – Uganda Somalida ekstremist kuchlarga qarshi kurash olib borayotgan Afrika Ittifoqi qo’shinlariga boshchilik qiladi.

Amerika Uganda va qo’shni Burundini yengil qurol-aslaha bilan ta’minlab, ularning malakasini oshirmoqda. Vashington, shuningdek, Somali poytaxti Mogadishuda jangarilar bilan olishayotgan muvaqqat hukumatga ko’maklashib keladi.

AQSh Davlat kotibining Afrika masalalari bo’yicha muovini Jonni Karson Uganda prezidenti Yoveri Museveniga telefon qilib, “Amerika sizni yaqindan qo’llab-quvvatlashda davom etadi” deya va’da bergan.

Departament so’zlovchisi Filip Krouli deydiki, Uganda al-Shababga qarshi harakatlarini susaytirmaydi va Afrikaning bu qismini ekstremizmdan tozalash ahdida qat’iy.

Al-Shabab yaxshi qurollangan, kuchli tayyorgarlikdan o’tgan jangari guruhi ekani ma’lum. AQSh uni al-Qoida bilan aloqador terroristik tashkilot deb biladi.

Amerika Kampaladagi elchixonasida xavfsizlik choralarini kuchaytirib, qo’shimcha xodimlar yubormoqda. Yakshanba kungi portlashda bir amerikalik o’lgan va besh nafari qattiq jarohatlangan.

Kelasi hafta Kampalada Afrika Ittifoqi sammiti bo’lib o’tadi, unda Vashingtondan ham maxsus vakil ishtirok etadi. Somalidagi uzoq yillik, dunyoviy hukumat va radikal kuchlar orasidagi urush anjumanda ko’rib chiqiladigan asosiy masala.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG