Xitoyda bir necha uyg’ur o’limga hukm qilindi

  • Amerika Ovozi

Shinjon ahli, uyg'urlar Xitoy siyosatiga jazoban chiqishlar, qonli namoyishlar uyushtirib turadi

Shinjon ahli, uyg'urlar Xitoy siyosatiga jazoban chiqishlar, qonli namoyishlar uyushtirib turadi

Xitoy Oliy sudi to’rt kishini Shinjonda qayot qotilliklarda aybdor topib, o’limga mahkum etgan.

Sud hukmiga ko’ra, hibsdagilar o’tgan yilning avgusti va noyabri orasida to’qqiz odamni o’ldirgan, terrorchilik amaliyotini sodir etgan.

Xususan, 19 avgust kuni ular xavfsizlik xizmati xodimlari yonida portlash sodir etgan. Uch askar, uch fuqaro va hujumchilardan ikki nafari shu ondayoq jon bergan.

29 sentabrda bir kishi qo’lbola miltiq yordamida ikki fuqaroni otib o’ldirgan. Noyabr oyida bir shaxs boshqa odamni pichoqlab o’ldirib, ikkisini qattiq jarohatlagan.

Aybdorlarning hammasi uyg’urlar.

Shinjonda yashovchi uyg’ur xalqi Xitoyni qattiqqo’l siyosatda ayblab keladi. Xitoylar ko’chib kelib, hayotimiz, madaniyatimiz, tilimizni yo’q qilishga urinmoqda, deydi uyg’urlar.

Bu elat vakillari bosimga javoban norozilik chiqishlari, ba’zida qonli hujumlar ham uyushtirib keladi.

Shinjonda 2009 yilda xitoylar va uyg’urlar o’rtasida eng qaqshatqich olishuvlardan biri kuzatildi.

Poytaxt Urumchida uyg’urlar xitoylarga hamla qilib, binolar, transportga o’t qo’ydi. 197 odam o’lgan, rasmiy hisoblarga ko’ra.

Shundan keyin yuzdan fuqaro qamoqqa olinib, o’nlab odam o’limga hukm qilindi. Ko’p uyg’urlarning daragi yo’q, ular qamoqda ekani taxmin qilinadi.

Oxirgi sud ishlarining tafsiloti ma’lum emas. Xitoy hukumati, deydi tahlilchilar, mos kelsa, kelmasa terrorchi tamg’asini bosaveradigan bo’lib qolgan.

“Bu sud ishlari millat, elat yoki dinga taalluqli emas. Bu hujumlar Xitoy xavfsizligi, unda yashayotgan har bir elat hayotiga tahdid soladi”, - deydi rasmiylar.

Xitoy qatl ko’lami jihatidan dunyoda birinchilardan. Lekin aniq raqamlar aytilmaydi. Huquq tashkilotlari taxminicha, bu raqam bir necha yuz yoki mingni tashkil qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG