Qamoqdagi uyg'ur olimi xalqaro mukofot bilan taqdirlandi

  • Amerika Ovozi

Ayirmachilikda ayblanib umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Ilhom To'xti

Ayirmachilikda ayblanib umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Ilhom To'xti

Ayirmachilik va zo'ravonlikni targ'ib etganlikda ayblanib, ikki yil avval Xitoy tomonidan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan uyg'ur ziyolisi Ilhom To'xti inson huquqlariga oid xalqaro mukofot bilan taqdirlandi.

Shveysariyada asoslangan Martin Ennals jamg'armasi o'zining bu yilgi mukofotini 20 yildan ziyod uyg'urlar huquqlarini himoya qilib kelgan va ayni paytda qamoqda jazo o'tayotgan olimga berishga qaror qilgan. Inson huquqlari olamining Nobel mukofoti deya shuhrat qozongan bu mukofot Ilhom To'xtining jasorati va haqgo'yligi uchun berildi, deyiladi jamg'arma bayonotida.

Unda yozilishicha, pekinlik uyg’ur professori "ayirmachilik va zo'ravonlikni rad qilgan va uyg'urlar madaniyatini hurmat qilish asosida muloqot olib borishni istagan".

Xitoy sudi uni 2014-yil sentabr oyida separatizmda aybdor topib, umrbod qamoq jazosiga mahkum etgan.

Universitetda iqtisodiyotdan dars bergan olim Xitoy hukumatini Shinjonda uyg’urlarga qarshi zug’umlarda ayblagan. Shu bois uni qamashgan, deydi huquq himoyachilari.

Sud ikki kun davom etgan, xolos. Qoralovchilar ta’biricha, To’xti o’lkada separatizmni targ’ib qilib, o’z leksiyalari, maqolalari, xorijiy matbuotga bergan intervyularida zo’ravonlikka da’vat etgan.

Mahalliy matbuotda yozilishicha, 44 yashar To’xti Shinjondagi etnik to’qnashuvlar sabablarini buzib ko’rsatishga harakat qilgan.

Olim ayblovlarni inkor etadi. Men jamiyatdagi adolatsizliklarga ishora qilib, odamlarni muloqotga chorlamoqchi bo’ldim, deydi u.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari sud hukmini qoralab, To’xtining separatizmga aloqasi yo’qligini ta'kidlagan.

AQSh va ko'plab inson huquqlari tashkilotlari olimning qamalishini Xitoy xalqi uchun fojia deb atab, uni ozod etishga chaqirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG