Breaking News

Jahon Uyg'urlari Kongressi bosh kotibi To'lqin Isa bilan muloqot


To'lqin Isa, Jahon Uyg'urlari Kongressi bosh kotibi. Tashkilot Germaniyada asoslangan.
To'lqin Isa, Jahon Uyg'urlari Kongressi bosh kotibi. Tashkilot Germaniyada asoslangan.

Jahonda yirik siyosiy va iqtIsadiy kuchga aylangan Xitoy tabiiy jihatdan boy Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik hamkorlikni mustahkamlamoqda.

Germaniyada asoslangan Jahon Uyg’urlari Kongressi Bosh kotibi To’lqin Isaning aytishicha, Pekin olib borayotgan xitoylashtirish siyosati uyg’ur elati va madaniyatiga qarshi harakatdir.

Dunyoda 20 milliondan oshiq uyg’ur bo’lsa, ularning aksariyati Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida yashaydi. Turkiy elat bo’lmish uyg’ur bu o’lkani Sharqiy Turkiston deb ataydi.

Urumchi
Urumchi
Sharqiy Turkistonni xitoylashtirish siyosati yuzlab uyg’urlarni muhojirlikka haydadi. O’z vatanida separatizmda ayblanib, tazyiqqa olingan bu elat vakillari Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlaridan panoh topdi.

Uyg’ur avtonomiyasiga xitoylar ko’chirilib, etnik manzara o’zgarar ekan, uyg’urlarga nisbatan bosim kuchaydi, siyosiy qochqinlar soni yanada ortdi.

Dastlab Myunxenda Yevropa Sharqiy Turkiston Jamiyati tuzildi. Hozirga kelib esa dunyo bo’ylab 30 dan ortiq tashkilot bor va ular Jahon Uyg’urlari Kongressi ostida birlashgan.

Uning bosh kotibi To’lqin Isa deydiki, 1949-yilda Sharqiy Turkiston Xitoy tarkibiga majburan qo’shib olingach boshlangan ozodlik harakati bugun katta kuchga aylangan. Maqsad – uyg’ur elatini saqlab qolish.

Vashingtonda Uyg'ur-Amerika Uyushmasi faoliyat yuritadi. 68 yoshli Robiya Qodir (video) bu elatning onasi sifatida qaralib, erkinlik va tinchlik yo'lidagi xizmatlari uchun Nobel mukofotiga ko'rsatilgan.

1991- yilda Sovet Ittifoqi parchalanib, yangi mustaqil davlatlar vujudga kelganida, uyg’urlar Markaziy Osiyodagi qardoshlariga qarab quvongan, umidga to’lgan.

“1949-yildan beri davom etib kelayotgan ozodlik harakati yanada ruhlandi. Albatta shu barobarida gegemonlikka intilayotgan Xitoy hukumatining uyg’urlarga nisbatan bosimi, tazyiq va o’ldirish siyosati yanada ortdi. Shu munosabat bilan ko’plab uyg’urlar o’z jonlarini saqlab qolish uchun turli yo’llar bilan vatanni tark etishdi. Ularning ko’pchiligi keyinchalik Yevropada siyosiy boshpana olib joylashdi”, - deydi To’lqin Isa.

Markaziy Osiyo xalqlari o’zlarini uyg’urlarga qanchalik yaqin bilmasin, mintaqa hukumatlari uyg’ur ozodlik harakatini yoqlamaydi va Xitoy siyosatini quvvatlaydi. Pekinni ishonchli va yirik hamkor deb ataydigan rahbarlar uyg’ur haq-huquqlari haqida og’iz ochmaydi.

Urumchi
Urumchi
“Ayniqsa Shanxay Hamkorlik Tashkiloti tuzilgandan keyin Markaziy Osiyo davlatlarida uyg’urlar masalasi mutlaqo kun tartibidan tushirildi. Bungacha mintaqadagi uyg’urlar o’z namoyishlarini o’tkazib, norozilik bildirib, o’z muammolarini muhokama qilib turishi mumkin edi. Bu tashkilot tuzilganidan keyin bu narsalar ham yo’qqa chiqdi. Chunki, Xitoy hukumatining bu tashkilotni tuzishdan maqsadlaridan bir ham uyg’ur milliy harakatiga qo’shni davlatlar qo’li orqali zarba berish edi”, - deya tahlil qiladi To’lqin Isa.

Markaziy Osiyoda yurgan uyg’ur faollar Xitoy hukumatining “terrorchilar aybnomasi” asosida Xitoyga deportatsiza qilindi.

“Bundan diktatorlar manfaatdor... Qozog’iston, Qirg‘iziston va O’zbekiston qardosh xalqni emas, Xitoy diktarurasini quvvatlamoqda. Uyg’ur faollar va muhojirlar, xalqaro bitimlarga zid ravishda, Xitoy hukumatiga topshirildi. Ularning ko’pi Xitoyda o’lim jazosiga hukm qilindi”, - deydi To’lqin Isa.

Xitoy yaqin 20 yil ichida Qozog’iston, Tojikisan va Qirg’izistondan ayrim hududlarni o’z tasarrufiga olishga erishdi.

Shinjonda xavfsizlik kuchlari soni oshirilgan
Shinjonda xavfsizlik kuchlari soni oshirilgan
To’lqin Isa deydiki, Xitoy bu bilan to’ymaydi. Bir parcha yer bilan kifoyalanadi deb o’ylash katta xato, deydi u.

“Minglab yillardan buyon vatan bo’lib kelayotgan tuproqni o’z holicha boshqa birovga berish - bu xoinlik. Kelajak avlod buninig so’rovini qiladi, lekin o’sha paytga borib, bu jiddiy to’qnashuvlar keltirib chiqarishi mumkin ”,- deydi uyg’ur arbob.

O’zbekiston Xitoy bilan bevosita chegradosh bo’lmasa-da, yaqin hamkor.

Toshkent 2006-yilda Kanada fuqarosi bo’lgan uyg’ur faoli Husayn Jalilni Xitoyga topshirgan edi. Bu shaxs bo’lginchilikda ayblanib, 20 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Hussayn Jalilning rafiqasi o’zbekistonlik. U Toshkentga yaqinlarini ko’rishga borganida hibsga olingan.

Kanada hukumati Husayn Jalilni himoya qilib, u bilan qamoqxonada ko’rishishni so’raganida, Pekin bunga ruxsat bermagan.

To’lqin Isa fikricha Xitoy uyg’urlarni siqib chiqarish siyosatini davom ettirib, bu elatning tili, qadriyat va madaniyatini barbod qilishga urinmoqda.

Xalqaro hamjamiyat bu muammoga yetarlicha e’tibor qaratmayapti.

“Ayniqsa, so’nggi paytdagi moliyaviy krizis tufayli Xitoy bilan diplomatik va siyosiy aloqalarda inson huquqlari, uyg’urlarning haq-huquqlari kamroq tilga olinmoqda”, - deydi To’lqin Isa.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG