Uyg'urlar va tibetliklar Xitoyga qarshi namoyish o'tkazadi


Uyg`urlar va tibetliklar BMT Inson huquqlari qo`mitasi yillik yig`ini munosabati bilan dunyo e'tiborini yana bir bor Xitoydagi huquqsizlik, etnik va diniy kamsitishlarga qaratmoqchi. Shu munosabat bilan yirik norozilik namoyishi 16-sentabr kuni BMTning Jeneva qarorgohi oldida o`tishi rejalangan.

Dunyodagi so`nggi vaziyat Sharqiy Turkistondagi uyg`urlar ahvolini nafaqat Xitoyning o`zida, balki Markaziy Osiyo davlatlarida ham og`irlashtirib borayotgani aytilmoqda. Jahon uyg`urlari kongressi Bosh kotibi To`lqin Isaga ko`ra, dunyo BMT miqyosida Xitoyga nisbatan bosim ko`rsata olish irodasini namoyish etishi kerak.

Uyg`urlarning tibetliklar bilan birgalikda namoyish o`tkazayotgani Sharqiy Turkistonning ham, Tibetning ham Xitoy tarkibida qolayotgani, har ikki millatga nisbatan Pekinning etnik va diniy tazyiqlari oshib barayotgani bilan izohlanadi.

Dunyo uyg`urlari qurultoyi Bosh kotibi To`lqin Isaning aytishicha, norozilik namoyishi xalqaro tashkilotga a`zo davlatlarning e`tiborini Xitoydagi inson huquqlari bilan bog`liq ayanchli vaziyatga qaratishni, shuningdek, xalqaro hamjamiyat Pekindan etnik va diniy huquqlar taminlanishini talab etishga haqli ekanini ko`rsatishni maqsad qiladi.

"Namoyishni Yevropadagi uyg`urlar va tibetliklar tashkil qilmoqda. 13-sentabrdan BMT Inson huquqlari qo`mitasining navbatdagi 33-yig`ilishi boshlandi. Shu munosabat bilan biz uyg`urlar va tibetliklar birlashib, Xitoy hukumatining Sharqiy Turkiston, Tibet va Ichki Mo`g`ulistondagi siyosatiga, inson huquqlariga qilayotgan tajovuzi va diniy huquqlarni cheklashiga qarshi o`z noroziligimizni bildiramiz. Xitoy hukumati o`tgan yili terrorizmga qarshi kurash maqsadida yangi qonun qabul qildi. Shu yildan kuchga kirgan bu qonun nafaqat diniy erkinliklar, balki fikr, so`z erkinligining bo`g`ilishi, bosimlarning kuchayishiga xizmat qiladi. Bu qonunga nisbatan AQSh ham, Yevropa ham o`z noroziligini bildirdi, ammo Pekin bu tanqidlarga e`tibor berayotgani yo`q, shuning uchun ham biz dunyo davlatlaridan, BMTdan Xitoyga nisbatan bosim ko`rsatishni, tazyiqlarni to`xtatishga chaqirishini talab qilmoqchimiz", - deydi To`lqin Isa.

Uyg`urlar kongressi bosh kotibiga ko`ra, Xitoydagi so`nggi vaziyat, ayniqsa, musulmon uyg`urlari, ularning diniy huquqlariga doir ahvol o`g`irligicha qolmoqda. Kommunistik partiyaning Uyg`ur muxtor o`lkasidagi rahbari almashgach, Sharqiy Turkistondagi bosimlar yangi kuch bilan boshlangan.

"Sharqiy Turkiston hozir usti ochiq qamoqxonaga o`xshaydi, barcha erkinliklar ustidan qattiq bir nazorat o`rnatilgan, uyg`urlarning bir shahardan ikkinchisiga o`tishi keskin qiyinlashgan, sayohat uchun maxsus kartalar joriy etishgan. O`tgan ramazonda odamlarning diniy huquqlarini buzish keskin nuqtaga chiqdi, maktablarda o`quvchilarning ro`za tutganligini aniqlash uchun maxsus tushliklar tarqatildi, ro`zadorlar nazoratga olindi. Hozir ham maktablarda berilayotgan tushlikni bizga xudoyim emas, Xitoy kommunistik partiyasi berayapti, degan targ`ibotlar yuritilmoqda, qasam ichishga undashmoqda. Ya'ni, hozirgi to`lqin, jismoniy tazyiqlardan ruhiy bosimlarga o`tishmoqda", - deydi To`lqin Isa.

Dunyodagi so`nggi vaziyat, ayniqsa, terrorizmga qarshi kurashning niqob qilinishi nafaqat Xitoydagi, balki Markaziy Osiyodagi minglab uyg`urlar, ularga oid tashkilot va madaniy markazlar faoliyatini ham og`irlashtirgani qayd qilinmoqda. Yaqinda Bishkekda Xitoy elchixonasi oldida kuzatilgan portlashlar uyg`urlar tomonidan amalga oshirilgani iddao qilindi.

To`lqin Isaning aytishicha, portlashlar darhol uyg`urlarga yopishtirildi, ammo haqiqatda buning ortida kim turgani noma`lum. Shuningdek, Qirg`izistondagi uyg`ur faollarining izsiz yo`qolayotgani ortida kimlar turgani yuzasidan ham surishtiruvlar yo`q, javobgarlar ham.

"Haqiqatda bu portlashlar Turkiston Islom harakatining ishimi yoki yo`qmi, hozircha noma`lum. Ammo Qirg`izistonda, Qozog`istonda o`ldirib ketilgan uyg`ur faollariga doir jinoyatlar hamon ochiq qolmoqda. Bu qotilliklar ortida haqiqatda kim turgani hozirgacha fosh etilmadi. Shuning uchun ham aniq bir narsa deyish qiyin. Ehtimol bu narsa mintaqadagi uyg`urlar faoliyatini kuchliroq nazoratga olish uchun qilingan siyosiy qarorlar natijasidir? Har holda bu portlashlardan keyin uyg`urlar taqdiriga oid vaziyat yanada keskinlashishini kutish mumkin", - deydi To`lqin Isa.

Turkiy xalqlarning eng qadimgi millatlaridan hisoblangan uyg`urlar yashaydigan Sharqiy Turkiston, Shinjon muxtor rayoni sobiq ittifoq davrida, o`tgan asrning 50-yillarida Xitoy tasarrufiga qo`shib olingan edi. Sovet Ittifoqi parchalanib ittifoqdagi xalqlar o`z mustaqilligini qo`lga kiritar ekan, uyg`urlarda ham mustaqillik umidi paydo bo`ldi. Ammo bu harakat Xitoy tomonidan keskin bostirib kelinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG