Robiya Qodir: Ilhom To'xti begunoh va darhol ozod etilishi lozim


Ilham To'xti - Pekindagi yetakchi oliygohda dars berib, Shinjon uyg'ur muxtoriyati manfaatlari yo'lida gapirib kelgan ziyoli.

Ilham To'xti - Pekindagi yetakchi oliygohda dars berib, Shinjon uyg'ur muxtoriyati manfaatlari yo'lida gapirib kelgan ziyoli.

Bir necha kun oldin Pekinda qamoqqa olingan Ilhom To’xti Xitoyda tanilgan ziyolilardan. 44 yoshli iqtisodchi olim poytaxtdagi Markaziy Millatlar Universiteti degan dargohda dars berar edi.

O’z ilmiy ishlarida va xalqaro matbuotga bergan intervyularida Ilhom To’xti Shinjon-uyg’ur muxtoriyati avtonom hudud sifatida o’z erkinliklariga ega va ularni hurmat qilish kerak deb kelgan. Uning hisbga olinishi Xitoyda uyg’urlarga nisbatan bosim oshib borayotganidan dalolat, deydi xorijdagi faollar.


Ilhom To’xtining oilasi tasvirlab berishicha, 15-yanvar kuni Pekindagi uyga 20 nafar maxsus xizmatchi bostirib kirgan. Olimning qo’lini bog’lab olib chiqib ketishgan. Shuningdek, butun xonadon tintuv qilingan. Kompyuter, telefon, kitoblar, hujjatlar va kredit kartochkalari ham olib ketilgan. Yaqinlari To'xti bilan aloqa qila olmayapti.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, professor qonunlarni buzganlikda, xususan separatizmda ayblanmoqda. Rasmiylarning ta’kidlashicha, tinchlikni ta’minlash terrorizm va separatizmga qarshi keskin choralar ko’rishni talab qiladi.

Uyg’ur milliy harakati va erkinlik talabini quvvatlab kelayotgan Qo’shma Shtatlar 16-yanvar kuni maxsus bayonot chiqarib, Xitoy hukumatini Ilhom To’xtini ozod etishga va uning ahvoli haqida axborot berishga chaqirdi.

Davlat departamenti olim taqdiri yuzasidan xavotir bildirib, Xitoyga uning xalqaro majburiyatlari haqida eslatmoqda, ya’ni fuqarolar amaldagi siyosatni tanqid qilish huquqiga ega va Pekin erkinliklarni kafolatlovchi hujjatlarga imzo chekkan. Siyosiy faollik, xalq manfaati uchun gapirish, huquqni targ’ib qilish, internetda tanqidiy maqola yozish va tinch yo’l bilan adolat so’rash jinoyat emas, deydi diplomatlar.

Ilhom To’xti oldin ham hibsga olingan. Faoliyatini boshlabdiki, u siyosiy tazyiq ostida. Chet elga chiqishiga ruxsat berilmagan. Mulklariga zarar yetkazilgan. Har bir qadami nazorat ostida, deydi olimning tanishlari.

Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti nazarida Ilhom To’xtiga separatizmni targ’ib qilganlik aybi qo’yilishi mumkin, chunki ziyoli avtonomiya nima ekani haqida ko’p gapirgan.

Vashingtondan turib, jahon uyg’urlariga yetakchilik qilib kelayotgan Robiya Qodir “Amerika Ovozi” bilan suhbatda deydiki, Ilhom To’xti biror nojo’ya qadam qo’ymagan, juda ehtiyotkorlik bilan ish tutgan ziyoli. Uning aybi uyg’ur ekani, deydi onaxon.

“Ilhom To’xti uyg’urlarning vatanparvar ziyolisi. U Xitoy hukumati va qonunlariga qarshi hech qanday yomon ish qilgan emas”, - deydi Robiya Qodir.

Jahon Uyg’urlari Kongressi Pekindan olimni qo’yib yuborishni so’ramoqda.

“Uning ahvolidan juda tashvishdamiz”, - deydi bu elatning onasi sifatida tanilgan arbob.

“Xalqaro axborot vositalari, xususan “Amerika Ovozi”ga bergan interbyularida Ilhom To’xti muxtoriyat tarafdori ekanini aytib, uyg’ur va xitoylar orasida adovat yo’q deya elatlararo birdamlikka undab kelgan. Juda ehtiyotkorlik bilan so’zlaydigan olim. Uyg’ur elatining o’zligi va madaniyati saqlab qolinsin degan xolos. Xitoylar va uyg’urlar orasida nizo keskin nuqtada turgan paytda, mustaqillik talablari yangrayotgan bir paytda ham ehtiyotkorlik bilan so’zlab, Xitoy qonunlarini hurmat qilib, xalqlarini yarashtirish kerak deb kelgan… Xitoy xalqini haqorat qilmagan va hukumat bilan yaxshi munosabatda bo’lishga harakat qilgan”.

Robiya Qodir Ilhom To’xti nima uchun qamoqqa olinganini bilmaydi. Lekin shunisi aniqki, Pekin so’nggi oylarda uyg’ur ziyolilarini ketma-ket nishonga ola boshladi.

Pekin xalqaro radiosining uyg’ur bo’limi muxbiri Mamatjon Abdulla chet el matbuoti bilan gaplashgani uchun, Urumchidan jurnalist G’ayrat Niyoz va Shinjon xalq radio stansiyasi muxbiri Mahbuba Ablosh inson huquqlari masalasini ko’targani uchun, shunindek, Amerikada o’qib vatanga qaytgan Abduvali Ayub ilmiy maqola yozgani uchun hibsga olingan, deydi Robiya Qodir.

Bu insonlar qonunlarni buzmagan, Xitoy hukumatiga qarshi gapirmagan, deydi u.

“Ilhom To’xtini qo’yib yuborish kerak. Uning oilasiga, mening oilamga qilinganidek, bolalarimni gunohsiz qamagandek, zug’um ko’rsatilmasligi kerak. Yaqinlariga tegmasinlar. Men bilaman, Ilhom To’xti Xitoy qonuniga xilof ish qilmagan”.

2013-yil uyg’urlar uchun juda og’ir keldi, deydi arbob. O’nlab faollar, ko’p hollarda oddiy fuqarolar, panjara ortiga tashlandi. Yuzlab uyg’urlar mol-mulkidan ayrildi.

“Amerika hukumati uyg’urlar dardiga befarq emas va Xitoy hukumatiga bizning huquqlarimizni ta’minlash va hurmat qilish zaruratini eslatib kelmoqda. Bizga nisbatan zo’ravonlikni kuzatib turibdi. Bizning erkinlik talabimizni quvvatlaydi. Yevropa Ittifoqi ham biz tomonda… Yevropa parlamenti o’z pozitsiyasini bildirib, Xitoyni adolatga chaqirib turibdi. Uyg’urlar bundan minnatdor. BMT va inson huquqlari tashkilotlari ham jiddiy harakat qilmoqda. Maqsadimiz Ilhom To’xti va unga o’xshagan begunoh ziyolilarni erkinlikka chiqarish”,- deydi Robiya Qodir.

Chapdan, jahon uyg'urlari yetakchisi Robiya Qodir va uning muovini Olim Seytoff AQSh Kongressi a'zolari bilan ko'rishmoqda

Chapdan, jahon uyg'urlari yetakchisi Robiya Qodir va uning muovini Olim Seytoff AQSh Kongressi a'zolari bilan ko'rishmoqda

Xitoy hukumati Robiya Qodir boshliq va asosan xorijdan turib minglab muhojirlar tomonidan yuritiladigan harakatni separatizmda ayblaydi, lekin uyg'urlar asl maqsad erkinlikda yashab, bugun Shinjon sifatida tanilgan mintaqa - "Sharqiy Turkiston, bizning vatanimiz", - deydi.

Mintaqada 20 milliondan oshiq aholi yashaydi, yarmi uyg'urlar bo'lsa, qolgani xitoylar va boshqa elat vakillari. Urumchi, yirik savdo o'chog'i, ma'muriy markaz.

Shinjon - yetti davlat bilan chegaradosh: Rossiya, Mongoliya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Afg'oniston, Pokiston va Hindiston. Region Xitoyning asosiy tabiiy gaz manbaidir.

Qadim tarixga ega hududda 1940-yillarda Sharqiy Turkiston davlati bo'lgan. Sovet Ittifoqi bu tuzumni quvvatlagan. Lekin tarixiy manbalarda bitilishicha, Moskva bu strategik kurashda Pekinga boy bergan. 1950-yillarga borib Xitoy Xalq Respublikasi u yerni bosib olgan va 1955-yilda mintaqa Shinjon uyg'ur muxtoriyati deb e'lon qilingan.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG