Shinjonda ro'y bergan zo'ravonlikda 27 odam o'lgan

  • Amerika Ovozi

Xitoy matbuotining xabar berishicha, Shinjon viloyatida ro’y bergan so’nggi zo’ravonlikda 27 odam halok bo’lgan. Rasmiylarga ko’ra, bir guruh noma’lum shaxslar politsiya idorasiga hujum qilgan.
Xitoyning “Shinxua” axborot agentligi ma’lumotiga ko’ra, bugun ertalab Shinjonning Turfanga yaqin Shanshan okrugida pichoq bilan qurollangan noma’lum odamlar hukumat idorasiga, politsiya binosiga va bir qurilish obyektiga bostirib kirgan.

So’ng bosqinchilar politsiya mashinalariga o’t qo’yib, 9 xavfsizlik xodimini o’ldirdi, deya xabar beradi axborot agentligi. Politsiya bilan yuz bergan otishmada hujum qilgan shaxslarning 10 nafari o’ldirilgan, uchtasi qo’lga olingan. Bir qismi qochib ketgani aytilmoqda.

Hujum sabablari va unda ishtirok etgan shaxslarning etnik kelib chiqishi haqida ma’lumot berilmagan.

Viloyatda ko’pchilik bo’lgan musulmon uyg’urlar va ozchlik xitoylar o’rtasida tez-tez to’qnashuvlar sodir bo’lib turadi. Uyg’ur faollari nazarida, ziddiyatlarga Xitoy hukumatining ayirmachilik va repressiv siyosati aybdor.

Jahon uyg’urlari kongressi matbuot kotibi To’lqin Isaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bugungi voqeada aynan nima sodir bo’lganini aniqlash qiyin. Chunki hududda politsiya nazorati kuchaytirilgan va favqulodda holat e’lon qilingan.

To’lqin Isa hujum ortida uyg’urlar turgan bo’lishi mumkinligni e’tibordan soqit qilmadi. Chunki mahalliy aholi orasida hukumatdan qasos olish ishtiyoqi bilan yashaydigan odamlar bor, deydi u.

“Albatta, qasos olish niyatida bo’lgan odamlar bor. Chunki politsiya ularning hayotiga doim cheklov qo’yadi. Oddiy hayot kechirishlariga yo’l qo’ymaydi. Xitoy politsiyasi va hukumati ularning kundalik hayotiga aralashgani aralashgan. Tinch yashashga qo’yishmaydi”, - deydi uyg’ur faoli.

Xitoy hukumati esa uyg’urlarga barcha fuqarolar kabi teng huquqlar berilganini ta’kidlaydi. Ayni paytda ayrim diniy va ekstremist guruhlar mamlakat xavfsizligiga daxl qilayotganini aytadi. Rasmiylarga ko’rsa, ekstremistlar zo’ravonlik yo’li bilan mustaqil Sharqiy Turkiston davlatini qurmoqchi.

Ammo To’lqin Isa kabi xorijda yashovchi faollar hukumat muammoni haddan ziyod bo’rttirib ko’rsatishini aytadi. Bu musulmon aholiga qarshi olib borilayotgan repressiv siyosatni oqlash uchun bir vosita, deydi u.

Bugungi hujum 2009-yildan beri yuz bergan eng katta to’qnashuv ekani aytilmoqda. O’tgan uch yil ichida 200 dan ziyod odam etnik ziddiyatlar qurboni bo’lgan. 21-aprel kuni Qashqarda politsiya va mahalliy aholi o’rtasida yuz bergan to’qnashuvda ham 21 kishi halok bo’lgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG