London xalqaro islomiy moliya markaziga aylanmoqchi

  • Amerika Ovozi

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron Londonda o’tgan Jahon islomiy iqtisodiyot forumida. 29-oktabr 2013-yil.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron Londonda o’tgan Jahon islomiy iqtisodiyot forumida. 29-oktabr 2013-yil.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron Angliya islomiy obligatsiya chiqaradigan birinchi nomusulmon davlat bo’lish arafasida ekanini e'lon qildi. Bu haqda u Londonda o’tgan Jahon islomiy iqtisodiyot forumida gapirdi.

Xalqaro biznes va siyosiy doira vakillari yig'ilgan forumda Kameron Londonni islomiy moliya markaziga aylantirish niyati borligini aytdi.

“Ko’p yillardan beri odamlar musulmon dunyosidan tashqarida islomiy obligatsiyalarni yaratish haqida gapirib keladi, ammo bu hech qachon amalga oshmagan, - dedi Buyuk Britaniya hukumati rahbari. - Bunga erishish uchun pragmatizm va siyosiy iroda kerak. Bizda bularning ikkisi ham bor”.

Kameronning aytishicha, Londonda musulmonlar kiritgan investitsiyalarni kuzatib boradigan islomiy fond birjasi ham tashkil etiladi.

Islomiy moliya deganda sarmoyalarning shariat qoidalariga mos keladigan sohalarga ishlatilishi tushuniladi. Shariatga ko’ra, puldan foiz olish taqiqlangan. Shuningdek, kelajakdagi shartnomalar uchun oldindan narx belgilab qo’yish ham mumkin emas.

Yig'inda qatnashgan Afg’oniston prezidenti Hamid Karzayning aytishicha, musulmon dunyosi global o’sish va farovonlikning muhim omili bo’lib xizmat qilish imkoniyatiga ega.

Islomiy moliya bozori yuqori sur’atlarda o’sib bormoqda. Keyingi yilga borib uning jahon bozoridagi ulushi 2 trillion dollarga yetishi mumkin.

London forumida dunyo mamlakatlaridan 1500 vakil ishtirok etdi. Ular orasida Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif hamda Iordaniya qiroli Abdulla ham bor.

Jahon islomiy iqtisodiyot forumi 9 yildan beri har yili o’tkazib kelinadi. London forumning musulmon bo’lmagan ilk mezbonidir. Bosh vazir Kameronning aytishicha, London allaqachon islom dunyosidan tashqaridagi islomiy moliyaning eng katta markaziga aylangan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG